Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Prezident murojaati: 2019 yil ham og‘ir keladi!

Prezident murojaati: 2019 yil ham og‘ir keladi!

Prezident yer sotilishi, eski uylar buzilishi, soliqlar kamayishi haqida gapirib, xalq va davlat o‘rtasidagi jarlikni kamaytirish, davlat xodimlarining mas’uliyatini yanada oshirish, aholini ijtimoiy homoyalash borasida qator innovasion takliflarni o‘rtaga tashladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining asosiy maqsadi davlat funksiyalarini keskin qisqartirish, davlat va xalq orasidagi to‘siqlarni kamaytirish va nihoyat, davlat boshqaruvi xizmatchilari va rahbarlarining mas’uliyati, javobgarligini oshirish...

Prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tinglab, shunday fikrga kelish mumkin.

Rahbar qanday bo‘lsa, davlat ham shu yo‘ldan ketishi sobiq SSSR tarixida isbotini topgan haqiqat. Dastlab hokimiyatni revolyusionerlar boshqardi va ular aholining ma’lum qismini o‘ldirib yubordi. Keyin urush ko‘rganlar boshqarib, sovuq urushni boshladi. Keyinroq hokimiyat tepasiga ijodkor lar kelib, romantikaga berilib, xalqni och va yupun qoldirgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa menedjment, ishlab chiqarish, bozor haqida ko‘proq gapiradi.

2019 yilda yuqorida aytilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Konstitusiyaga o‘zgartirish kiritish borasida harakatlar boshlanadi. Prezident vakolatlarining ma’lum qismini Oliy Majlisga va Sudyalar assosiasiyasiga olib berilishi ko‘zda tutiladi.

Prezidentning ma’ruzalarida ilgari ko‘p uchramaydigan yana bir holat bu 27 yillik faoliyatga qisqacha baho berish bo‘ldi.

27 yil davomida davlatning byurokratik changalzorlar orasida qolib ketishi, haddan ortiq vazifalarni o‘z zimmasiga olib, bajarishni eplolmasligi mamalkatning taraqqiy etishiga to‘sqinlik qildi.

Murojaatnomadan sezildiki, 27 yillik davlat faoliyatini tanqid qilish faqat tanqid uchun emas, balki o‘tmish xatolaridan xulosa chiqarish, to‘g‘ri yo‘lni tanlash, tanqidiy qarash orqali, bugungi kunga baho berishga harakat.

O‘zbekistonda yer sotilishi haqida ham fikr bildirib o‘tildi. Albatta, bu yoppasiga yer maydonlari sotuvga qo‘yiladi, degani emas. Prezidentning so‘zlariga qaraganda, qurilish uchun yoki bino turgan yer maydonlarigina sotilsa kerak. Bu nafaqat yerni xususiylashtrish uchun, balki tadbirkorning kelajakka ishonchini oshirish, tijoratining yarim yo‘lda sindirib tashlanmasligiga kafolat berish uchun qilinmoqda.

O‘zbekistonda shusiz ham yer maydoni oshib-toshib yotgan emas. Aholining bu tezlikda o‘sishida esa uning har qarichi oltinga teng bo‘lib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Boshqa tomondan nobop sug‘orish tizimi orqali yerlarni yaroqsiz holga kelishi, sho‘rlashishning haddan oshib ketish ham bu boradagi katta muammo.

Albatta, Prezident buning yechimini ham ta’kidlab o‘tdi. Xususan, sanoatlashtirish, shaharlashishni tezlashtirish, sug‘orish tizimin mutlaqo yangi tizimga o‘tkazish... Bular uchun mablag‘ ajratish zamirida ham shu sabab yotadi. Mirziyoyev O‘zbekistonning qiyofasini keskin o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqmoqda. Keyingi 11 yil davomida shaharlashishni 35 %dan 65 %ga olib chiqarishni ko‘zda tutuvchi tadbirlar belgilanadi.

Nazarimizda, endi eski uy-joy fondini buzish, o‘rniga zamonaviy, qulay va shinam uylar qurishga e’tibor qaratiladi. Bu Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidan boshlanishi ta’kidlandi. Asosiysi, bunda aholini boshqa joylarga ko‘chirish siyosati yuritilmaydi. Shu yerning o‘zida yangi uy qurilib, aholi ko‘chirib o‘tkaziladi. Buyam o‘zbeklarning kindik qoni to‘kilgan joy to‘g‘risidagi aqidasiga mos keladi.

Ushbu ishlar nafaqat aholining yashash tarzini yaxshilash, balki yerdan samarali foydalanish uchun ham amalga oshiriladi.

Prezident bir-necha bor endi hammaga ishiga qarab haq to‘lanishiga alohida to‘xtaldi. Darhaqiqat, 2018 yilni O‘zbekistonda kasblar, mutaxassislar va maoshning tabaqalanish yili bo‘ldi, deb aytish mumkin. Murojaatnomadan kelib chiqib, aytadigan bo‘lsak, bu ishlar kelasi yilda ham davom ettiriladi.

Murojaatnomada alohida urg‘u soliq siyosatiga qaratildi. Prezident O‘zbekistonda yuzaga kelgan, davlatning aytgani boshqa, hayot boshqa, degan aqida dogmani ildizi bilan sug‘urib tashlamoqchi. To‘g‘ri-da, davlat organlarida boshqa gap, oilada boshqa gap aytilgan davrlar ortda qoldi, endi hamma ochiq oydin ishlashi va ochiq-oydin yashashi kerak. Prezidentning talabi, intilishi shu. Soliq siyosati ham ish va so‘z birligini ta’minlaydigan asosiy yo‘nalish.

Haddan ortiq og‘ir soliq yukidan beli bukilgan korxonalar, tadbirkorlar, fuqarolar uni aylanib o‘tish payida bo‘ladi. Va, afsuski, buning yuzlab yo‘llarini ixtiro qilib, hatto kundalik hayot tarziga aylantirib olganlar ham son-sanoqsiz. Soliq kamaytirilishi oqibatida endi ular o‘z-o‘zidan to‘g‘ri yo‘lga qaytarmikin?

Prezident statistika masalasiga ham e’tibor qaratdi. Raqamlar haqiqatni aytmas ekan, jamiyatni yolg‘on iskanjasidan qutqarib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda qonunlarga rioya qilish masalasida bir nima deyish qiyin, lekin axloq qoidalariga rioya qilish qat’iy talab etiladi. Shu jihatdan tungi klublar, ko‘ngiolchar maskanlarni kech bo‘lishi bilan yoptirib qo‘yish siyosati tez-tez kun tartibiga chiqib turadi. Bu tartib kim tomonidan qo‘llaniladi, noma’lum. Prezident esa bunaqa yo‘ldan ketish noma’qulligini bir og‘iz so‘z bilan ta’kidlab o‘tdi. Undan ko‘ra, huquq-tartibot organlarini faolroq ishatishni talab qildi.

Prezident oziq-ovqat masalasini birovga ishonib topshirolmasligi, bu bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanishini ta’kidladi. Kundalik ehtiyojning tijoratga aylanib ketishi shaxsan prezident tomonidan himoyalangani aholining ko‘ngliga taskin beradi, albatta.

Prezident bu yil yil ham og‘ir bo‘lishini ta’kidladi. Biroq hamma bilib qoldiki, prezident og‘ir deganda aholining och-nahor, yupun qolishini emas, balki o‘zidan tortib, eng quyi pog‘onagacha ko‘proq ishlashni nazarda tutadi. O‘zbekistonliklar esa hech qachon ishdan qochmagan! Shuning uchun ham, og‘ir kelishi bashorat qilingan dastlabki ikki yildan keyin odamlar orasida oddiy, lekin deyarli shiorga aylanib qolgan bir gap tarqaldi: prezident kelgandan buyon hali hech kimga yomon bo‘lgan emas!

Bu xalqning o‘z prezidentiga bergan oddiy va samimiy bahosidir.

Kiritildi: 13:18 29.12.2018. O'qildi: 5753 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!