Bugun 30 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Postlar haqida "post"

Postlar haqida "post"

Oktyabr boshida Andijondan qaytgach yozgan ekanman, yana ayrim fiklarni qo‘shaman degan o‘yda qolib ketgan ekan. Postlar haqidagi postlarni o‘qib, esimga tushib ketdi... Menimcha, juda kech qolinmagan bo‘lsa kerak. 

Yurtimizda so‘nggi yillarda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarning eng ko‘zga ko‘ringanlaridan biri ‒ postlar kamaygani bo‘ldi. To‘g‘risi, oldin shu postlardan o‘tishda ahvolimizga, xalqning holiga achinar edim, hayfim kelardi. Bu postlarga davlatning qanchadan‑qancha puli ketganidan tashqari, bu yerlarda aholining qanchalar mol‑mulki va sog‘ligi yo‘qotilganini hisobiga yetib bo‘lmasa kerak. 

Hozir XXI asr. Butun dunyo bunday eskilik sarqitlaridan voz kechib, sovetcha tizimlarni yo‘qotib, mamalkatlarni birlashtirib yotibdi. Bilmadim, bunday postlar yana qayerda bor, shu urush bo‘layotgan o‘sha bir‑ikkita joydagina topilsa kerak. Hozir tartib va nazorat o‘rnatishning zamonaviy imkoniyatlari qalashib ketgan. 

Mas’ullarimiz har ikki gapida namuna qilib tilga oladigan Yevropa xalqlari o‘zaro ittifoq tuzib, o‘rtadagi chegaralarni olib tashlab, yerdagi oddiy chiziqdan boshqa “to‘siq” qoldirmadi. Ana shunday bir zamonda bir mamlakatning ikkita viloyati, undan ham o‘tib, shahar bilan tuman o‘rtasiga post qo‘yib, chegara qurish qanchalar kulgili va ayanchli ekanini anglash oqil isonga qiyin bo‘lmasa kerak. 

O‘zi kaftdek keladigan mamlakatda yashaymiz. Shuni ham parchalab, bo‘laklarga ajratish nimasi, tushunmaysan. Agar chindan birorta jiddiy xavf bo‘lsa, atrof chegarani mustahkam qilish kerak, shaharlar o‘rtasini emas!Axir, bizda urush bo‘layotgani yo‘q‑ku?!

E’tibor berilsa, bu bo‘linmalar odamlarning ruhiyatiga juda salbiy ta’sir ko‘rsatadi va ularning fikrlashlarini ham buzadi. Bu haqiqatni xalqning oddiy suhbatlaridan payqasa bo‘ladi. Bir shahardagi odam boshqa bir shahardagi vatandoshiga aytyapti: «Senlarda postdagilar chatoq, biznikilar yaxshi, pulingni oladi, qo‘yib yuboradi. Senlarda ham pulingni olarkan, ham asabingni buzar ekan». Yana biri kelayotgan mehmonga so‘zlayapti: «Postdan eson‑omon o‘tib olsanglar, buyog‘da boshqa qiyinchilik yo‘q». Bu kabi gaplarni eshitib, so‘zlashayotganlar boshqa‑boshqa mamlakatlarning aholisi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz.

Kuni kecha Vodiyga  borib keldim. Alhamdulilloh, yo‘llarda ortiqcha asabbuzarlik holatlari yo‘q. Birgina Qamchiq dovoniga chiqishdagi postda odam bor, unda ham asosan kameralar ishlayapti. Mana, bo‘lar ekan‑ku zamonga mos ish qilinsa!

To‘g‘risi, birovning shubha bilan qarashi men uchun eng katta haqorat tuyuladi. Faraz qiling, siz butun umr oilam, uy‑joyim, deb mehnat qilib yursangiz‑da, oilangizdagilar siz haqingizda xonadonga nisbatan biror zarar ko‘zlayaptimikin, degan gumonda bo‘lsa... O‘zini bilgan insonga bundan ortiq tahqir bo‘lmasa kerak? 

Men avvalari ham shu postlarni olib tashlasa, hech qanday noxushlik bo‘lmaydi, bular bekorchi chiqim, asabbuzarlik, balki kimlar uchundir tirikchilik, desam, ayrimlar «Yo‘q, shu postlar bor, tinchmiz», degandek so‘z qotardi. Mana, Allohga shukr, o‘sha aytgan so‘zlarimning tasdiqini bugun hamma ko‘rib turibdi.

Ustozim Shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayh yodimga tushadi. Hazrat bilan yurt bo‘ylab safarlarda bo‘lganimizda u kishining vatandagi har bir katta‑kichik ishlarga alohida e’tibor qaratganlarini kuzatganman. O‘sha paytlarda vodiyga mashinada borib, kelganlarida juda ko‘p mulohazalar qilar ekanlar. Bir gal Toshkentga yetib kelganda: «Alhamdulilloh, postlar bittaga kamayibdi», degandilar. Shaharda ham qurilishi to‘xtab qolgan inshootlarda ish yurib qolganini ko‘rsalar, «Xayriyat, manavi bino ham ishga tushadigan bo‘libdi», deb xursand bo‘lardilar. U kishi agar keyingi yillardagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsalar, shak‑shubhasiz, juda ham quvonib ketardilar. 

Postlardan o‘tar ekanmiz, mashinadagi hamrohlarning har biri qaysi postda qanday sarguzashtlarga guvoh bo‘lgani, qanday huquqlari toptalgani haqida yaqin o‘tmish hodisalarini xotirladi. Men ham o‘z boshimdan o‘tkazganlarimdan, guvohi bo‘lganim ahmoqgarchiliklardan so‘zlayotib, Germaniya xususida bir kishi aytgan gaplar bexos xotirga keldi. Uning aytishicha, SSSR davrida GDR va GFR o‘rtasida sovetcha chegara bo‘lgan ekan. Odamlar bu chegaradan o‘tishda ming xil qiyinchiliklarga duch kelishar ekan. Ittifoq tarqab, ikkala hudud birlashgach, chegaradagi qo‘riqchilik olib tashlanibdi‑yu uning ayrim binolari, asoratlari saqlanib qolibdi. Shunda xalq hukumatdan «Chegara yo‘qolib, juda yaxshi yengillik bo‘ldi‑ku, biroq, shu joydan o‘tayotganda o‘tmishdagi qiyinchiliklar yodga tushib, qalbimiz ozorlanyapti. Shuning uchun oldingi holatni eslatadigan hech narsa qoldirmasligingizni so‘raymiz», degan talabni qilgan ekan. Shunda hukumat chegara joylashgan yerni butunlay tekislab, tamoman boshqa qiyofaga kiritib, mashinalarning u yerdan katta tezlikda o‘tishini belgilab bergan ekan. Aholi eskilik sarqitidan qutilib, juda ham mamnun bo‘lgan ekan. 

Menga yana boshqa bir fikr keldi. Bu postlar shu ahvolda saqlansa, ertaga bitta aqlli chiqib, bir bahona bilan yana oldingi to‘siqlarni tiklab qo‘ysa, Prezidentimizning so‘zlari qayerda qoladi‑yu, aholining kayfiyati qay holga tusharkin, degan o‘y xayolimni band qildi. Shuning uchun bu postlarni bira to‘la buzib yuborilsa, ularning qayta tiklanishi ancha olislarmidi... Yana bilmadim...

*****

Men shu postlarni hech yoqlay olmayman. Bunchalar zamondan orqada qolish, hamma narsani orqaga tortish kimga kerak, tushunmaysan. Eskicha fikrlaydigan, eskicha ishlaydigan, yangilikni suymaydigan, farovonlikni istamaydigan odamlar shunchalar ko‘pmikin yo? Yoki viloyatdagilar gaz‑svet yo‘qligiga Poytaxtga yopirilib kelib olishadi, deb qo‘rqisharmikin? Bu ish rostdan ham tinchlikning g‘amida bo‘lsa, nega bunday posti yo‘q boshqa barcha davlatlar tinch‑osuda, osmoni musaffo? Balki ularning tajribalaridan o‘rganish kerakdir? Axir, hozir nazorat va tekshiruvning ming xil usuli bor‑ku!

Mana, uch yil o‘tdi, alhamdulilloh, hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q va bo‘lmaydi ham, inshaalloh. Chunki bizning xalqimizdek royish, muruvvatli, ishchan, asl odamlar hozir dunyoda juda ham kamayib ketgan. Bu xalqning qadriga yetish kerak, uni ardoqlash kerak, undan shumlanish kerak emas, unga xayrxoh bo‘lish kerak. 

Bu postlarni tiklashga qanaqadir bayramlarni yoki boshqa noaniq omillarni sabab qilib ko‘rsatish unchali to‘g‘ri emas, o‘xshamagan bahona, maynavozchilik, deb o‘ylayman. Bayrambozlik, majlisvozliklar o‘rniga ishbozlik, ilmbozlik, raiyatbozlik qilinsa bo‘lmasmikin, deging keladi...

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Azon.uz

Kiritildi: 14:17 05.12.2019. O'qildi: 4830 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!