Polshada Donald Tusk va mudofaa vaziriga suiqasd ehtimoli tekshirilmoqda
Polsha polisiyasi mamlakat bosh vaziri Donald Tusk va bosh vazir o‘rinbosari, mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishga ehtimoliy suiqasd uyushtirilishi haqida ma’lumot oldi. Bu haqda Polsha Ichki ishlar vazirligi vakili Karolina Galeska ma’lum qildi.
Ushbu xabardan so‘ng ichki ishlar vaziri Marchin Kervinskiy va maxsus xizmatlar koordinatori Tomash Semonyak tegishli choralar ko‘rishni buyurdi.
Yakshanba kuni Polsha Ichki xavfsizlik agentligining (ABW) Terrorizmga qarshi kurash markazida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish belgilandi. Unda polisiya, yuqori martabali davlat amaldorlarini qo‘riqlash uchun mas’ul Davlat muhofaza xizmati va Ichki xavfsizlik agentligi vakillari ishtirok etishi kutilgan.
Hozircha Polsha rasmiylari ehtimoliy tahdid haqidagi ma’lumot qayerdan kelib tushgani, uning ortida kimlar turgani va tahdidning qay darajada ishonchli ekani haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Ayni paytda, suiqasdga urinish sodir bo‘lgani tasdiqlanmagan. Hozircha gap ehtimoliy tahdid haqidagi xabarni tekshirish va xavfsizlik choralarini ko‘rish haqida bormoqda.