Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian AQSh prezidenti Donald Trampning bayonotlariga javob qaytarib, Tehron tahdidlarga quruq so‘zlar bilan emas, amaliy harakatlar bilan munosabat bildirishini ta’kidladi.
Pezeshkianning aytishicha, Eronga qarshi keskin bayonotlar davom etayotgan bo‘lsa-da, mamlakat raqiblari o‘z maqsadlariga erisha olmagan.
«Ular jang maydonida o‘z maqsadlariga erishdimi? Eronni parchalab tashlashni istaganlar hozir qayerda?» — dedi Eron prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, Eron o‘z hududining har bir qarichini himoya qilishga tayyor va tahdid hamda keskin bayonotlar Eron xalqini emas, ularning mualliflarini tavsiflaydi.
Shuningdek, Pezeshkian mamlakat fuqarolarini ichki birlikni saqlashga chaqirib, jamiyatda bo‘linishga olib keladigan har qanday so‘z yoki harakat Eronni zaiflashtirishi va raqiblar manfaatiga xizmat qilishini ta’kidladi.