Rossiya rasmiylari Peterburg va Kronshtadtda Bosh harbiy-dengiz paradini o‘tkazishdan ikkinchi marta voz kechishdi, deb xabar bermoqda "Fontanka" nashri mamlakat Mudofaa vazirligidagi manbalariga tayanib. Parad an’anaviy tarzda iyul oyining oxirgi yakshanbasida nishonlanadigan Harbiy-dengiz floti kunida o‘tkaziladi.
Nashrning qayd etishicha, Vladimir Putin 15 iyun holatiga ko‘ra paradni o‘tkazish to‘g‘risida ukaz chiqarmagan, flotlarda esa unga tayyorgarlik boshlanmagan va Peterburgga komandirovkalar rejalashtirilmayapti.
"O‘zingiz tushunasiz, hozir buning vaqti emas", — degan nashrning harbiy-dengiz flotidagi suhbatdoshlaridan biri.
Har yilgi Harbiy-dengiz floti Bosh paradi Rossiyada 2017 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Kema ko‘rigi Putin ishtirokida Nevada va Kronshtadt reydida bo‘lib o‘tardi. Ukrainaga qarshi urushda flotning bir qismi yo‘qotilganidan keyin, rasmiylar 2024 yilda paradning kronshtadt qismidan voz kechishgan edi, keyingi yil esa parad to‘liq bekor qilindi, deyiladi xabarda.