Xitoy hukumati AQShning Pekin Tayvanga harbiy bosim o‘tkaziyotgani haqidagi da’volarini rad etdi. Mamlakatning Tayvan ishlari bo‘yicha idorasi vakili Chen Binxua bunday bayonotlarni "g‘arazli niyat" va faktlarni buzib ko‘rsatish deb atab, Tayvan masalasi Xitoyning ichki ishi ekanini ta’kidladi.
Pekin Vashingtonni orolga qurol sotishni to‘xtatishga va Tayvan masalasida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Xitoy tomoni "tinch yo‘l bilan qayta birlashish"ni afzal ko‘rishini bildirsa-da, nazoratni o‘rnatish uchun kuch ishlatishdan voz kechmasligini yana bir bor eslatib o‘tdi.
Ayni paytda Tayvan muxolifati yetakchisi Chen Li-vun Si Jinpin bilan uchrashuvdan so‘ng tinchlik yo‘lini tanlash mumkinligini ma’lum qildi. Biroq Pekin Tayvan prezidenti Lay Sindeni "separatist" deb atab, u bilan muzokara o‘tkazishdan bosh tortmoqda.
Avvalroq, AQShning Tayvandagi de-fakto elchisi Reymond Grin Pekinni orolga nisbatan harbiy bosimni to‘xtatishga va saylangan yetakchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlashga chaqirgan edi. Uning fikricha, Xitoy barcha siyosiy kuchlar bilan aloqalarni saqlab qolishi munosabatlar barqarorligi uchun muhim.