Ekilgan daraxtlar parvarishiga e’tiborsizligi uchun Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra mansabdorlar 67,5 million so‘m jarimaga tortildi.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman va shahar hududlarida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmagan mansabdor shaxslarga nisbatan ana shunday ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot birlashmalari va Obodonlashtirish bo‘limlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarning holati o‘rganilgan.
Jarayonda kuzgi va bahorgi ekish mavsumida ekilgan nihollar yetarlicha parvarish qilinmagani, sug‘orish ishlari o‘z vaqtida olib borilmagani aniqlanib, aprel-may oylarida jami 18 ta huquqbuzarlik holati qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 4-qismi asosida 67 500 000 so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.