Fransiyalik ayol 14 yoshli o‘g‘lining Islom diniga kirishini xohlab, qo‘lidan yetaklagancha Islomiy markazga olib keldi. Markazga yetib kelishgach, bola Markaz imomining oldiga kirdi va unga: «Onam sizdan mening Islomga kirishimga yordam berishingizni iltimos qilyaptilar» dedi.
Imom boladan: «Sen o‘zing Islomga kirishni istaysanmi?» deb so‘radi.
Bola: «Men bu haqida o‘ylamagandim. Lekin onam Islomga kirishimni xohlayaptilar» deb javob berdi.
Imom bolaning javobidan hayron bo‘ldi va undan: «Onang musulmonmi?» deb so‘radi.
Bola: «Yo‘q, mening Islomga kirishimni nima uchun xohlayotganlarini ham bilmayman» deb javob berdi.
Imom undan: «Onang o‘zi qayerda?» deb so‘radi.
Bola: «Masjid tashqarisida turibdilar, birga kelganlar» deb javob berdi.
Imom bolaga: «Borib, onangni chaqirib kel, u bilan gaplashay» dedi.
Bola tashqariga chiqib, onasi bilan birga qaytib kirdi.
Imom ayoldan: «O‘g‘lingizdan eshitganlarim rostmi? Uning aytishicha, siz musulmon bo‘lmaganingiz holda uning Islomga kirishini xohlayotgan ekansiz?» deb so‘radi.
Ayol: «Ha, rost» deb javob berdi.
Imom ayolning javobidan hayron bo‘lib: «Nima uchun?» deb so‘radi.
Ayol shunday deb javob berdi: «Men Parijdagi ko‘p qavatli uylardan birida turaman. Ro‘paramda bir musulmon ayol yashaydi. Uning universitetda o‘qiydigan ikki o‘g‘li bor. Har kuni ertalab va kechki payt o‘sha yigitlarni ko‘raman. Ular har safar uydan chiqayotganlarida va uyga qaytganlarida, onalarining boshidan va qo‘lidan o‘padilar. Onalariga, xuddi u ayol davlat rahbaridek, yuksak hurmat bilan muomala qiladilar. Shuning uchun o‘g‘limning Islom diniga kirishini xohladim. Toki qariganimda, u meni qariyalar uyiga olib borib tashlamasin va menga u qolib, davlat e’tibor bermasin. Balki, musulmon kishi onasiga qanday muomala qilsa, u ham menga shunday muomala qilsin».
Dinimizda buyurilgan amallardan biri — ota-onaga yaxshilik qilishdir. Yigitlarning bunga amal qilib, onasiga ko‘rsatgan hurmati qo‘shni ayolning o‘z o‘g‘lining Islomga kirishini xohlashiga va xohishni amalga oshirish uchun Islomiy markazga borishiga sabab bo‘ldi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
ادْعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ ۖ وَجَادِلْهُم بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ ۚ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعْلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِيلِهِ ۖ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ
«Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go‘zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta biluvchi va hidoyat topuvchilarni ham o‘ta biluvchidir» (Nahl surasi, 125-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybar g‘azoti kuni Ali roziyallohu anhuga: «Ularning maydoniga shoshilmay tushib, ularni Islom diniga da’vat qil, Allohning haqlarini ularga tushuntir. Bas, Alloh nomiga qasamki, Alloh taolo sen sababli bir kishini hidoyat qilishi sen uchun vodiy to‘la qizil tuyadan ham yaxshiroqdir», dedilar.
Dinimiz Islom naqadar go‘zal!
Birodarlar! Islom dinimizga shunday amal qilaylikki, yurish-turishimiz, xulqu odobimiz, muomalamizning o‘zi Islomga da’vat bo‘lsin!
Bizni musulmon qilib yaratgan, O‘ziga sajda qiladigan bandalaridan qilib qo‘ygan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!
Robbimiz barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi