Rim-katolik cherkovining ruhiy yetakchisi Papa Leo XIV ilk marta Rojdestvo marosimini boshqardi. Ibodat Vatikandagi Avliyo Pyotr bazilikasida o‘tkazilib, unda kardinallar, yepiskoplar, ruhoniylar, diplomatik korpus va ko‘plab mehmonlar ishtirok etdi.
Papa Leo XIV nutqida materializmni keskin tanqid qilib, buzilgan iqtisodiy tizim odamlarga tovar sifatida munosabatda bo‘layotganini ta’kidladi.
Ushbu Rojdestvo marosimi Papa Fransisk 21 aprelda vafot etganidan so‘ng, 8 may kuni o‘tgan konklavda Papa etib saylangan Leo XIV uchun ilk Rojdestvo ibodati bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, marosim yarim tunda boshlangan va uzoq davom etgan bo‘lib, OAV buni cherkovning an’anaviy tartiblariga qaytish sifatida baholamoqda.
25 dekabr kuni Papa Leo XIV an’anaviy «Urbi et Orbi» — «Rim shahri va butun dunyoga» murojaati bilan chiqish qiladi.