Ertalab bir yosh yigit telefon qildi, savol so‘rab:
"Dunyoda musulmonlar ochlik va nochorlikda qolgan bir paytda, biz kafe va restoranlarda qimmatbaho ovqatlar yeb, o‘yin-kulgu qilib yurishimiz joizmi?".
Yigit (ovozidan 16-25 yoshlar atrofida bo‘lsa kerak) savolni tugatib, xo‘ngrab yig‘lab yubordi. To javob tugaguncha bo‘lgan suhbat asnosida hiqqillab turdi.
Meni yigitning savoli qiyin ahvolga solgan bo‘lsa-da, holatning boshqa jihati ko‘proq diqqatimni jalb qildi. O‘smir yoshda qalbning bu qadar yumshoqligi, mo‘min birodariga qayg‘urish, o‘zining ishlariga tanqidiy nazar.. Qanchalar yaxshiliklar mujassam, biz kattalar havas qiladigan.
Oxirgi marta biz qachon yig‘ladik?
Nochor holatdagi dindoshlarimiz uchun qayg‘urdikmi?
O‘zimizni, ishlarimizni taftish qildikmi?
Yigit bilan gaplashib bo‘lgach bir hadisi sharif yodimga tushdi:
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo yetti toifa insonni O‘z (Arsh)ining soyasidan boshqa soya yo‘q kunda O‘z (Arsh)ining soyasida soyalantiradi: (Birinchisi) adolatli imom (boshliq); (ikkinchisi) Rabbisiga toatda ulg‘aygan yigit; (uchinchisi) qalbi masjidga bog‘langan kishi; (to‘rtinchisi) Alloh uchun bir-birini yaxshi ko‘rgan ikki kishi. Ular o‘zaro muhabbatlashgani uchun jamlanadi va ajraladi; (beshinchisi) obro‘-e’tiborli va go‘zal bir ayol o‘ziga chaqirgan vaqtda: “Men Allohdan qo‘rqaman”, degan kishi; (oltinchisi) o‘ng qo‘li bergan sadaqani chap qo‘li bilmaydigan holda maxfiy sadaqa qiluvchi kishi; (ettinchisi) Allohni xilvatda zikr qilib, ikki ko‘zidan yosh oqqan inson”, dedilar» (Buxoriy rivoyati).
Mubashshir Ahmad,