Bugun 3 iyul, 2024 yil, chorshanba

КИР

“Ota-onaning o‘z farzandiga shaxsan o‘zi diniy ta’lim berish huquqi daxlsiz” — Odiljon Tojiyev

“Ota-onaning o‘z farzandiga shaxsan o‘zi diniy ta’lim berish huquqi daxlsiz” — Odiljon Tojiyev

O‘zbekistonda bolani noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev buni ayrimlar noto‘g‘ri talqin qilayotgani sabab bola huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonun loyihasi bo‘yicha izoh berdi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bolaning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim olishini ta’minlash, uning intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishiga sharoit yaratish ota-onalar majburiyati hisoblanadi. Biroq Odiljon Tojiyevning ta’kidlashicha, hozirgi kunda bolalarning noqonuniy diniy saboq olishiga, davlatning majburiy ta’lim tizimi ta’siridan chetda qolishiga hamda ularda biryoqlama dunyoqarash va mutaassiblik kayfiyati shakllanishiga ota-onalarning o‘zi sababchi bo‘lib qolmoqda.

Xususan, noqonuniy diniy ta’lim berish asosan ota-onalar tashabbusi bilan “hujra” sharoitida tashkil etilmoqda. Oxirgi 5 yilda “hujra”da diniy ta’lim olgan 9 705 nafar bola aniqlangan.

Aksariyat hollarda ota-onalar o‘z bolalarini diniy ta’lim berish huquqi bo‘lmagan tashkilot yoki shaxs ixtiyoriga bir necha oyga qarovsiz tashlab ketishi kuzatilmoqda. Bu orada bola to‘laqonli shaxs sifatida rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan muhitdan uzilib qolmoqda.

“Ayrim hollarda esa, bola to‘g‘ridan to‘g‘ri jismoniy, jinsiy psixologik tajovuzga uchrayotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi”, — deydi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari.

Shu munosabat bilan bolani bunday xatti-harakatlardan himoya qilish maqsadida “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda ota-onalar tomonidan bolani diniy ta’lim berish huquqi bo‘lmagan tashkilot yoki shaxs ixtiyoriga diniy ta’lim olishi uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi kiritilmoqda.

“Yuqoridagi xatti-harakat yuridik tilda ‘bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilish’ deb bayon qilingan. Qisqa qilib aytganda, ota-ona bolasini ‘hujra’ga topshirsa, javobgar bo‘ladi. ‘Hujra’lar faoliyati esa ko‘p yillardan beri qonun bilan qat’iy ta’qiqlangan.

Yuqoridagi kafolatni buzganlik uchun esa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb qilganlik uchun ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga javobgarlik belgilanmoqda”, — deydi Odiljon Tojiyev.

Uning ta’kidlashicha, bu narsa ota-onaning o‘z farzandiga diniy saboq, ta’lim-tarbiya berishiga umuman aloqasi yo‘q. Chunki bu har qanday ota-onaning o‘z farzandini shaxsan o‘zi tarbiya qilish bo‘yicha daxlsiz huquqi hisoblanadi.

Kiritildi: 14:59 26.06.2024. O'qildi: 974 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!