Bugun 13 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Ota-onalik huquqini tiklash mumkinmi?

A A A
Ota-onalik huquqini tiklash mumkinmi?

— Kichik o‘g‘lim bir necha yil oldin xotini bilan ajrashib, otalik huquqidan bekor qilingandi. Hozirda qilmishidan chin dildan pushaymon. Farzandiga tarbiya berishni xohlayapti. Ammo otalik huquqi bekor qilingani uchun o‘g‘li bilan ko‘risha olmaydi. Aytingchi, otalik huquqini tiklash mumkinmi? Buning uchun qayerga murojaat qilinadi? To‘lovlari bormi?

QANDAY HOLLARDA OTA-ONALIK HUQUQIDAN MAHRUM QILINADI?

— Oila kodeksining 75-moddasiga binoan, ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalar manfaatlarini ta’minlash ota-ona g‘amxo‘rligining asosini tashkil qilishi lozim.

Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatasiya qilishdan xoli bo‘lishi kerak.

O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Ushbu Kodeksning 79 va 80-moddalariga asosan, ota-ona (ulardan biri) quyidagi hollarda:

  • ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;
  • uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘uruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;
  • ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;
  • muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;
  • o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

OTA-ONALIK HUQUQI TIKLANISHI MUMKIN, QACHONKI...

— Oila kodeksining 81-moddasiga asosan, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona qaysi bolaga nisbatan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, shu bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqlaridan mahrum bo‘ladi.

Bundan tashqari, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona farzandi bilan uchrashish va uning tarbiyasida ishtirok etish kabi ota-onalik huquqlarini amalga oshirish huquqidan ham mahrum bo‘ladi.

Bunday holatda, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona (ulardan biri) Oila kodeksining 82-moddasiga muvofiq, o‘z xulq-atvorini, turmush tarzini va (yoki) bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirgan hollarda ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin.

Ota-onalik huquqini tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onaning (ulardan birining) da’vosiga binoan sud tartibida amalga oshiriladi. Ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi ishlar vasiylik va homiylik organining, shuningdek prokurorning ishtirokida ko‘rib chiqiladi.

Ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vosi bilan birga bolani ota-onaga (ulardan biriga) qaytarish to‘g‘risidagi talabi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

O‘N YOSHGA TO‘LGAN BOLANING ROZILIGI OLINISHI LOZIM

— Agar ota-onalik huquqining tiklanishi bola manfaatlariga zid bo‘lsa, sud bolaning fikrini hisobga olgan holda ota-onaning (ulardan birining) ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirishni rad qilishga haqlidir.

O‘n yoshga to‘lgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqining tiklanishiga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan bo‘lsa, ota-onalik huquqini tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’vo ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslar yoki prokuror tomonidan bola kimning qaramog‘ida ekanligiga qarab, ota yoki onaning ikkinchisiga yoinki vasiyga (homiyga) yoki bolalar muassasasiga nisbatan qo‘zg‘atiladi.

Qonun talablaridan kelib chiqib, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-ona (yoki ulardan biri) ota-onalik huquqidan mahrum qilinishiga asos bo‘lgan holatlar barham topganligini, o‘z xulq-atvori, turmush tarzi va (yoki) bola tarbiyasiga bo‘lgan munosabati o‘zgarganligi tasdiqlovchi holatlarni ko‘rsatib, BHMning 2 baravari miqdorida davlat boji to‘lagan holda, da’vo ishlarini yuritish tartibida bola kimning qaramog‘ida ekanligiga qarab, ota yoki onaning ikkinchisiga yoinki vasiy (homiy)ga nisbatan ular yashab kelayotgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota yoki onaning ota-onalik huquqi tiklangan taqdirda ular farzandi bilan uchrashish va farzandining tarbiyasida ishtirok etish kabi ota-onalik huquqlarini amalga oshirish, shuningdek, bolaga nisbatan bo‘lgan qarindoshlik faktiga asoslangan barcha huquqlardan, shu jumladan undan ta’minot olish, shuningdek bolali fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va nafaqalar olish huquqiga ega bo‘ladi.

Aziz RAXMONOV,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi

Kiritildi: 14:14 02.11.2022. O'qildi: 3542 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!