OPEK+ mamlakatlari Yaqin Sharqdagi urush fonida may oyida neft qazib olishni ko‘paytirishga kelishib oldilar.
Tegishli bayonot birlashmaning sakkiz ishtirokchi davlati: Rossiya, Saudiya Arabistoni, Iroq, BAA, Kuvayt, Qozog‘iston, Jazoir va O‘mon ishtirokidagi videokonferensiya yakunlari bo‘yicha e’lon qilindi.
Bayonotda aytilishicha, neft qazib olishni ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaror "bozordagi barqarorlikni ta’minlash" maqsadida qabul qilingan.
OPEK+ ning mart oyida bo‘lib o‘tgan avvalgi yig‘ilishida birlashma a’zolari limitlarni kuniga 206 ming barrelga oshirgan edi.
Reuters agentligining qayd etishicha, OPEK+ ning bunday xatti-harakatlari jahon bozori uchun neft ishlab chiqarishni yanada kengaytirishga tayyorlik haqidagi signal bo‘lishi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi fonida vaziyatni barqarorlashtirishi kerak.
Umuman olganda, OPEK+ davlatlari 2025 yil oktyabr oyidan boshlab neft qazib olishni bosqichma-bosqich oshirib bormoqda — ungacha esa xomashyo narxini yuqori darajada saqlab qolish maqsadida cheklovlar joriy etilgan edi.