Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

“Opa” badiiy filmi tomoshabinlarga manzur bo‘ldimi?

“Opa” badiiy filmi tomoshabinlarga manzur bo‘ldimi?

Xabar berganimizdek, kecha poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda O‘zbekkino milliy agentligi buyurtmasi asosida suratga olingan Opa badiiy filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Qishloq tasviri bilan boshlangan kadr mahalla fuqarolar yig‘iniga kelgan murojaatchi voqeasidan rivojlanadi.

...Azizjon xotini bilan ajrashmoqchi, G‘anijon Umarov qishloqda tikuv sexi qurish uchun bankdan katta miqdorda kredit olgan. Unga mahalla fuqarolari yig‘ini kafil bo‘lgan. Bank xodimi kredit o‘z vaqtida to‘lanmayotgani uchun kafilni siquvga olayapti. Normat aka hali kollejda tahsil oladigan voyaga yetmagan qizini turmushga bermoqchi, O‘ktam bobo esa xorijga ketgan bolalari yo‘liga mahtal bo‘lib to‘shakda yotibdi...

Bularning barchasiga mahalla raisi aralashmasa bo‘lmaydi. Buning ustiga kuyovi ko‘proq pul ishlash maqsadida xorijga ketmoqchi. Qizi Noila esa turmush o‘rtog‘i xorijga ketsa u bilan ajrashmoqchi emish. Bir yoqda mahalladagi fuqarolarning muammolari, bir yoqda qizining bu gapi Yulduz opani yanada irodali va shijoatli bo‘lishga undaydi. Ayol boshi bilan hamma ishga o‘zi bosh-qosh. Ertalabdan kechgacha aholi muammolari bilan band.

Boshqa mamlakatlarda takrorlanmaydigan O‘zbekistondagi mahalla institutining samarali faoliyati ushbu badiiy filmda o‘z aksini topgan. Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar ham filmda yaqqol namoyon bo‘lgan. Erta nikohni o‘z vaqtida bartaraf etish, ajrimlarning oldini olish, tadbirkorlarga keng imkoniyat berish, xorijga ish izlab ketishga chek qo‘yish, to‘y-ma’rakalarda dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik kabi dolzarb masalalar shular jumlasidan.

Azizjonning onasi o‘g‘lini kelinidan qizg‘anib, har kuni janjal ko‘taradi. Oqibatda bir oila buzilish arafasida. Azizjonning volidasi esa o‘g‘liga onasi o‘pmagan qizni olib bermoqchi. Bolalar otasiz katta bo‘lishi ehtimoli yuqori. Mahalla raisi bu voqeaga tomoshabin bo‘lolmaydi. Yulduz opa mahallasida ajrimlar bo‘lmasligini istaydi va bu ishga astoydil kirishadi. Hatto o‘z qizini ham bu yo‘ldan qaytaradi. Oqibatda ikki oila saqlab qolinadi. G‘anijon Umarovning tikuv sexi ochilsa 200 ga yaqin hamqishlog‘ini ish bilan ta’minlaydi. Ammo qurilish to‘xtab qolgan. U avtomashinalarini sotib bankka kreditini to‘layapti. Mahalla raisi aralashib yaxshilarni ko‘makka chorlamaganida tadbirkorlikka endi kirib kelayotgan G‘anijon bankrot bo‘lardi. Normat aka do‘sti bilan kelishib qo‘ygan, uning o‘g‘liga kollejda o‘qiyotgan qizini uzatmoqchi. Bunga qonuniy chora ko‘rilmasa, hali bo‘yga yetmagan orzulari osmon qiz turmush tashvishlariga ko‘milib qoladi. Cho‘rtkesar mahalla raisi to‘yni ham bir necha yilga ortga surishga erishdi. O‘ktam bobo uch o‘g‘lining yo‘liga ko‘z tikib olamdan o‘tdi. Otasini oxirgi manziliga kuzatolmagan o‘g‘il ma’rakani dabdabali tarzda o‘tkazmoqchi. U bir nechta qozonga osh damlab, ming kishini taklif etmoqchi. Ma’rakaga kelgan otasining do‘stlariga to‘n, ayollarga bir kiyimlik atlas bermoqchi. Mahalla raisi bunday isrofgarchilikka ham befarq bo‘lolmaydi. Uning keskin qarshilik qilishi sabab savob talab o‘g‘il dabdabali ma’rakadan voz kechib, qishloq aholisini ish bilan ta’minlamoqchi bo‘lgan G‘anijon Umarovga yordam qo‘lini cho‘zadi. Mahalla raisining sergakligi, har bir fuqaro taqdiriga befarq emasligi natijasida firibgarlik yo‘li bilan qishloqdagi cholu kampirning uyiga ega chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorning qing‘ir ishi fosh etiladi.

Aholi har ishda mahalla raisi bilan kengashadi. Uni barcha, Yulduz opa, deb e’zozlaydi, qavatida turib xayrli ishlarga bosh suqadi.

Voqealar bo‘rttirilmasdan haqiqiy qishloq hayoti ko‘rsatilgani, ssenariy yillar davomida pishitilgani, rejissyorning uzoq yillik tajribasi, aktyorlar mahorati va operator o‘z ishini mukammal bajargani film muvaffaqiyatiga sabab bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, badiiy filmni yetti yoshdan yetmish yoshgacha tomoshabin maroq bilan tomosha qildi.

Toshkent shahar Uchtepa tumani Sharq yulduzi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Feruza Shermatovaning ta’kidlashicha, u uzoq yillardan buyon mahalla tizimida turli lavozimlarda ishlaydi. Odamlar dardu tashvishi bilan yashash qiyin, ammo kimgadir yordaming tegsa bundan ortiq baxt yo‘q. Film qahramoni Yulduz opaning samarali faoliyati, fuqarolarining mehrini qozongani uni yanada ruhlantirgan.

Manba: O‘zA

Kiritildi: 10:30 20.01.2019. O'qildi: 1769 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!