Xabar berilishicha, Nyu-Yorkdagi Comex qimmatbaho metallar birjasida oltin narxining bir unsiyasi (31,1 gramm) 5058 dollarga yetgan.
2025 yilda qimmatbaho metall narxi 64 foizga ko‘tarildi, 2026 yil boshidan beri esa uning narxi yana 17 foizdan ko‘proqqa oshdi, deb yozadi Reuters. Agentlikka ko‘ra, investorlar kuchayib borayotgan geosiyosiy noaniqlik fonida faol ravishda oltin sotib olmoqda.
"Oltin narxining oshishi Oq uy ma’muriyati va AQSh aktivlariga bo‘lgan ishonch yo‘qolib birayotganini namoyon etmoqda. Bu Tramp ma’muriyatining ayrim mantiqsiz qarorlari, xususan savdo bojlari bilan bog‘liq qarorlari tufayli yuzaga keldi", — dedi savdo tahlilchisi Kayl Rodda.
"Biz oltin narxlari yanada oshishini kutyapmiz. Hozirgi prognozimizga ko‘ra, narxlar yil oxiriga kelib taxminan 5500 dollar yoki undan ham baland bo‘ladi", — dedi Metals Focus konsalting kompaniyasi direktori Filip Nyuman.