2018 yilgi jahon chempionatining chinakam sensatsiyasi qayd etildi. Messisi bor Argentina Messidek futbolchisi yo‘q Xorvatiyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Bu umuman kutilmagan hodisa, albatta. Bunday bunday sharmandali mag‘lubiyatning sabablari nimalardan iborat?
MURABBIY
Birinchi aybdor, albatta, murabbiy. Xorxe Sampaoli Islandiyaga qarshi o‘yindan keyin durangdan norozi bo‘lib, uchta o‘zgarishni amalga oshirdi. Oqibatda ana shu uchta o‘zgarish o‘z “so‘zini aytdi”: jamoa javobsiz 3 ta gol o‘tkazib yubordi. Sampaolining asosiy tarkibni tanlashdagi eng qo‘pol xatosi Iguain, Dibala va Di Mariyani zaxirada qoldirgani bo‘ldi. Axir qanday qilib bunday futbolchilar zaxirada o‘tirishi mumkin? Qaysi aql bilan bu futbolchilarning o‘rniga Mesa yoki boshqa futbolchiga ishonch bildirish mumkin? Buning javobini Sampaolidan boshqa hech kim bilmasa kerak.
OJIZ TOMONLAR
Argentinaning ojiz tomonlari bu safar ham pand berdi. Himoya argentinaliklarning nozik jihati ekanligi aytilayotgandi va shunday ham bo‘ldi. Qolaversa, darvozabon chizig‘I ham talab darajasida emas. Shu yerda ham Sampaolining xatosi ko‘zga tashlanadi — bizningcha, Kabalerodan ko‘ra Serxio Romero yaxshiroq variant edi. Har holda “MYu” safida uning fantastik o‘yinlarini ko‘rganmiz. Bugun ham Argentina ana shu nuqsonlar tufayli mag‘lub bo‘lishdi.
ENDI NIMA BO‘LADI?
Vaziyat juda og‘ir. Xorvatiya keyingi bosqichga chiqib bo‘ldi. Bugun Nigeriya va Islandiya o‘rtasidagi bellashuv ko‘p narsani hal qiladi. Agar Islandiya g‘alaba qozonsa, 4 ochko to‘playdi va ikkinchi o‘ringa joylashadi. Oxirgi turda esa Xorvatiya bilang durang qayd etsa yoki minimal hisobda mag‘lub bo‘lsa ham ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqadi. Chunki ayni damda islandlarning to‘plar nisbati argentinaliklarnikidan yaxshiroq. Bordiyu Nigeriya zafar quchsa, hamma narsa oxirgi turga bog‘liq bo‘ladi. Afrika qit’asi vakillariga durang ham kifoya qiladi va bu o‘yinda Nigeriyani mag‘lub etish Argentina uchun chinakam jumboqqa aylanadi. Demak, Argentina uchun eng yaxshi variant Islandiya va Nigeriyaning durang o‘ynashi. Bu masala bugun yechimini topadi.
Nima bo‘lganda ham, bugun Messini shunchaki qurbon qilishdi. Agar Argentina guruh bosqichidayoq musobaqani tark etsa, Leo haqiqiy qurbonga aylanadi. Nega faqat Leo deyishingiz mumkin, gap shundaki, u navbatdagi “Oltin to‘p” uchun kurashmoqda. Qolaversa, Maradonadan o‘zib ketishga intilyapti, agar bu safar ham JChda omadsizlikka yo‘liqsa, uning orzulari yana 4 yilga cho‘ziladi.
Ko‘ramiz, bu guruhdagi masala qanday yechim toparkin?