Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

"Oilamning buzilishiga qaynsinglim aybdor..."

"Oilamning buzilishiga qaynsinglim aybdor..."

Fazilat (ism-shariflar o‘zgartirilgan) singil sifatida opasining taqdiri uchun qayg‘urishi, kuyib-yonishi boshiga falokat olib kelib, hayotiga nuqta qo‘yilishini, bir paytlar sevimli bo‘lgan pochchasining qo‘lida o‘lim topishini xayoliga ham keltirmagan edi. Shavkat ham jinoyatchi, degan nom olib, oilasi parokanda bo‘lishini, qaynsinglisining qotiliga aylanib, panjara ortiga yo‘l olishini tasavvur  qilmagandi. Ammo hayot har doim ham biz o‘ylagandek davom etmaskan, bir oniylik qahr-g‘azab, jahl insonning hayotini tubdan o‘zgartirib, uning oqimini boshqa tomonga burib yuborishga qodir ekan...

"Hammasi uchun javob beradi..."

Shavkat Rahimov turmush o‘rtog‘i Anora Rahimova bilan so‘nggi paytlarda umuman kelishmay qoldi. Arzimagan narsadan chiqqan tushunmovchilik katta janjalga aylanib ketdi. Shundan keyin Anora bolalarini yetakladi-yu, qizlik uyiga ketib qoldi. Shavkat mazkur nizoda o‘zini emas, negadir qaynsinglisi Fazilatni aybladi. Agar u opasining tarafini olib, janjalga aralashmaganda, "Er-xotinning urushi, doka ro‘molning qurishi" deganlaridek Anora bilan allaqachon yarashib olgan bo‘lardi. "Hammasiga Fazilat aybdor... Agar u bo‘lmaganda, Anora ketib qolmasdi. Hammasi uchun Fazilat javob beradi, undan alamimni olaman..." degan fikr uning aqlini o‘tmaslashtirdi, ko‘nglida qasd olishdek xusumatni uyg‘otdi...

"Oyog‘im singanligi sababli ishlay olmadim"

Sudda so‘ralgan Shavkat Rahimov o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, quyidagicha ko‘rsatma berdi:

– Anora bilan 2007 yilning dekabr oyida qonuniy nikohdan o‘tib, turmush qurganmiz. Turmushimiz davomida ikki nafar farzandli bo‘ldik. Keyingi paytlarda o‘zaro kelisha olmaganligimiz sababli u 2015 yilning mart oyida meni sudga berdi. Shundan keyin fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan, ikki nafar farzandim uchun aliment to‘lay boshladim. Keyinchalik turmush o‘rtog‘im bilan o‘zaro yarashib, munosabatlarimiz yaxshilangani uchun yana birgalikda yashay boshladik. Oilamni boqish uchun Toshkent shahrining turli joylarida ijarada yashab, mardikorlik qildim. 2019 yilning 14 fevral kuni Toshkentda mast holatda oyog‘imni sindirib oldim. Bu voqeadan so‘ng hech qayerda ishlamasdan, uyda yotib qoldim. Pul topmaganim sababli Anora bilan o‘rtamizda yana janjal boshlandi. U bolalarni olib, onasining uyiga ketib qoldi. Men bir necha marotaba borib, uni olib kelishga harakat qildim, ammo qaynona-qaynotam yarashishimizga qarshilik qilishdi. Qaynsinglim Fazilat esa "O‘zi sening avloding buzuq, erkak emassan...", deb haqorat qildi.Bu gap juda ko‘nglimga og‘ir botdi. Ertasi kuni tuman MIBdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Borsam, Anora bolalarning alimenti yuo‘yicha murojaat qilgan ekan.U yerga qo‘shnim Ikrom bilan borgandim, qaytishda ikkalamiz oshxonaga kirib, ovqatlandik, spirtli ichimlik iste’mol qildik. Uyga qaytayotganda mast bo‘lib qolgandim. Negadir miyamda Fazilatning haqoratli so‘zlari aylanaverdi. Uyga kelib, oshxonadan pichoq oldim-u, u ishlaydigan "Paynet" shaxobchasiga yo‘l oldim. Uning yolg‘iz qolishini, odamlarning chiqib ketishini kutdim. Hech kim qolmagandan keyin uning oldiga yaqinlashdim. Ammo Fazilat meni ko‘rgan bo‘lsa-da, ko‘rmaslikka oldi. Uning mensimayotganligi battar jahlimni chiqardi. G‘azabdan o‘zimni boshqara olmay, pichoq bilan Fazilatga tashlandim va tanasining duch kelgan joyiga pichoq sanchdim. Fazilat hushini yo‘qotdi, shu payt xonaga kirib qolgan odamlar bizni ajratish uchun ustimga turli buyumlarni uloqtirishdi. Shundan keyin o‘zimga keldim. Ayni paytda qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman...

Hukm o‘qildi

Shavkat Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topdi va unga shu modda bilan 13 (o‘n uch) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.  Unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi.


Abdumannon Shaydoyev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari

Kiritildi: 15:54 02.06.2020. O'qildi: 4316 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!