Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

"Og‘zi-burni qonga to‘ldi": Qarshidagi reydda "Spark" haydovchisining do‘pposlangani rostmi? (video)

"Og‘zi-burni qonga to‘ldi": Qarshidagi reydda "Spark" haydovchisining do‘pposlangani rostmi? (video)

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida haydovchi va lisenziya xodimlari o‘rtasida yuz bergan voqea videosi paydo bo‘lgach, tez fursatlarda ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Videoni tasvirga oluvchi fuqaro fikriga ko‘ra, voqeaning asosiy qahramonlari bo‘lmish lisenziya xodimlari Spark haydovchisini rosa do‘pposlagan. Og‘zi burnini qonga to‘ldirib, zo‘ravonlik qilishgan. Xodimlar ishi haqida fikr bildirgan fuqaro video yakunida lisenziya xodimlari haydovchini urishga haqlimi degan savolni o‘rtaga tashlaydi.

Mazkur savolga javob izlagan Daryo muxbiri jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan holatlar haqida xabar topdi.

Aniqlanishicha, Qarshi shahridan Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ va Chiroqchi tumanlariga yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar bekati Qarshi choyxonasidan Qarshi Shahrisabz yo‘lining 3-kilometrida joylashgan yangi shohbekatga ko‘chirilgach, shu munosabat bilan 10 aprel kuni Qashqadaryo transport boshqarmasi xodimlari reyd o‘tkazgan. Faqat transport boshqarmasi xodimlarining o‘zi. Maqsad har doimgidek noqonuniy yo‘lovchi tashuvchi haydovchilarni aniqlab, tegishli tartibda chora ko‘rish hamda yo‘lovchi tashish qoidalarini tushuntirishdan iborat bo‘lgan.

Avtoshohbekat ko‘chirilishi munosabati bilan Qarshi Shahrisabz yo‘lida reyd o‘tkazayotgan xodimlarimiz qora rangdagi davlat raqami 70 Z 995 MA bo‘lgan Spark haydovchisiga eski avtoturargohdan yo‘lovchi olish mumkin emasligini, shohbekat yangi manzilga ko‘chirilganini aytgan, deydi voqea ustida bo‘lgan Qashqadaryo transport boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Ernazarov. Biroq haydovchi shuncha ogohlantirilishiga qaramasdan o‘zboshimchalik bilan taqiqlangan hududdan yo‘lovchi oldi. Tabiiyki, tartibga bo‘ysunmagan Spark haydovchisi xodimlarimiz tomonidan to‘xtatilib, hujjat taqdim etishi so‘raldi. Bunga javoban esa haydovchi xodim ustiga mashina haydab, lisenziya xodimini mashina kapotida olib qochdi.

Ulug‘bek Ernazarov Daryo muxbiri bilan suhbat davomida gapining isboti sifatida o‘sha voqea videosini ham taqdim etdi. Bizga taqdim etilgan videodan ma’lum bo‘lishicha, 4 nafar lisenziya xodimi tomonidan to‘xtatilgan Spark ning oldi o‘rindig‘ida haqiqatdan ham yo‘lovchi borligi ko‘rinadi. Voqealar rivojiga ko‘ra, lisenziya xodimlari tomonidan hujjat so‘ralgach, haydovchi hujjat taqdim etish o‘rniga mashina oldida turgan xodimning ustiga mashina haydaydi. Va xodimni mashina kapotiga olgancha, harakatini davom ettiradi.

Qashqadaryo viloyat YHXB matbuot xizmat rahbari Javlon Baxtiyev Daryo muxbirining transport boshqarmasi xodimlari YPX xodimlarisiz reyd o‘tkazib, haydovchilardan hujjat so‘rashga haqlimi? degan savoliga bundayin reyd larda transport boshqarmasi xodimlari bilan birga Yo‘l patrul xizmati xodimlari ham bo‘lishi lozimligini bildirdi.

Xodimimizni kapotida olib qochgan Spark ortidan yetib olganimizdan keyin, haydovchi mashina ruliga boshini urib, Meni urishyapti deya baqira boshladi. Baqir-qachir hisobiga tez orada odamlar to‘plandi. Transport boshqarmasi xodimlari o‘sha kuni hech kimga qo‘l ko‘tarmadi, dedi Ulug‘bek Ernazarov.

Ulug‘bek Ernazarovning ma’lumot berishicha, lisenziya xodimini kapotida sayr qildirgan Spark haydovchisi qarshilik 1987 yil tug‘ilgan fuqaro S.O. bo‘lsa, sayr qildirilgan lisenziya xodimi Jo‘rabek Jo‘rayev bo‘lgan.

Spark haydovchisi S.O. Daryo muxbiri bilan suhbat davomida transport boshqarmasi xodimlari unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lganligini, o‘zlarini tanishtirmaganini hamda ko‘pchilik bo‘lib unga kuch ishlatilganini aytmoqda.

O‘sha kuni ish yuzasidan Shahzod degan o‘rtog‘im bilan ketayotgan edim, deydi S.O. Keyin Shahzod do‘konga kirib chiqdi. Mashinani haydayotgan paytim lisenziya xodimlari kelishib, hujjat so‘rashdi. Kimsiz, o‘zingizni tanishtiring , dedim. O‘zlarini tanishtirishmadi. Shunda ulardan biri o‘dag‘aylab mashina kalitiga yopishdi. Keyin bular kim ekan deb qo‘rqqanimdan mashinani haydab ketdim. Haqiqatdan ham xodimlardan biri mashina kapotiga chiqib olgandi. Keyin 100 metr yurib to‘xtadim, ular ortimdan kelib ko‘pchilik bo‘lib urib tashlashdi. Keyin meni urgan xodimni davlat raqami 330 KAA bo‘lgan avtomobilda olib ketishdi.

Qashqadaryo transport boshqarmasi boshlig‘ining so‘ziga ko‘ra, lisenziya xodimini kapotida olib qochib, unga tan jarohati yetishiga sabab bo‘lgan Spark haydovchisining xatti-harakati haqida o‘sha kuniyoq Qarshi shahar IIB va prokuraturaga ma’lum qilingan.

10 aprel kuni fuqaro S.O.ning xatti-harakati haqida IIB va prokuraturaga ma’lum qildik, deydi Ulug‘bek Ernazarov. Ammo 12 aprel kuni haydovchining qavm-qarindoshlari kelib, S.O. yoshlik qilganini aytib, uzr so‘rashdi. Biz esa haydovchining o‘zi kechirim so‘rashi lozimligini aytdik.

Ulug‘bek Ernazarovning aytishicha, agar fuqaro aybini tan olib kechirim so‘rasa, bu holat albatta tasvirga olinib, internetga joylashtiriladi. Ya’ni lisenziya xodimlari haq ekanligini isbotlash maqsadi-da. Demakki, tez orada ijtimoiy tarmoqlarda Spark haydovchisi aybini tan olgani haqidagi video ham chiqib ketsa, ajablanish kerak emas.

Aniqlanishicha, o‘sha kungi voqeaga haddan ortiq odam ko‘p to‘plangani bois ham lisenziya xodimlari Spark haydovchisiga nisbatan hech qanday chora ko‘risholmagan.

Mutasaddilar gapidan ma’lum bo‘lishicha, 1 maydan e’tiboran Qarshi shahridan Shahrisabz tuman va shahar, Kitob va Yakkabog‘ tumanlariga yo‘lovchi tashish uchun 10 ta avtobus qo‘yiladi. Qamashi tumani uchun esa 6 ta avtobus harakatlanishi rejalashtirilgan.

Chiroqchi tumaniga ayni kunda ham 6 ta avtobus qatnayapti, deydi Ulug‘bek Ernazarov. Bundan tashqari joriy yilning yoz oyida Qarshi shahrining markaziy ko‘chalarida yo‘lovchi tashish uchun 30 ta zamonaviy avtobuslar keltirilishi mo‘ljallangan.

Kiritildi: 14:28 13.04.2019. O'qildi: 3352 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!