Ushbu maqola Rossiyaning «Cnob» onlayn-jurnalida chop etilgan va u Rossiya ta’lim tizimining muammoli jihatlari haqida. Kolonka muallifi – Arina Xolina.
«Jahondagi eng yaxshi ta’lim SSSRda bo‘lgan» – bu, nimagadir hali ham ko‘pchilik ishonadigan tashviqotlardan biri, xolos.
Ikki mamlakatda istiqomat qiladigan va bolalarni qayerdagi boshlang‘ich maktabga yuborish ustida bosh qotirayotgan tanishlarimning aksariyati, Yevropada avlodlarni hech qanday yaxshi narsalarga o‘rgatishmaydi degan gumonda, qoshlarini chimirishadi. Nima emish, boshlang‘ich maktabda atigi uchta fan o‘tiladi, hammasi qandaydir yuzaki, darsda esa intizom degan narsaning o‘zi yo‘q – o‘rnidan turib ketish mumkin, aksincha, o‘rnidan turmasdan javob berish mumkin; o‘qituvchi xona bo‘ylab chizg‘ichni ko‘tarib yugurmaydi va ko‘paytirish jadvalini yodlamaganlarning jonini sug‘urib olmaydi.
Gap shundaki, sovetcha g‘oyalar bilan zaharlangan miyamiz o‘qitishning boshqacha, o‘zgacha yo‘llarini shunchaki tan olmaydi. Bizga ko‘pincha, qanchalik ko‘p damingni ichingda saqlab, qo‘rqib tursang, o‘rganayotgan narsang o‘zingga shunchalik kamroq yoqadi va aslida shunisi yaxshidek tuyuladi.
Birgina chet tillarni o‘rganishni ko‘rib chiqaylik. Ingliz tili butun dunyoda ona tiliga ilovaga aylanib ulgurgani holda, Rossiyada bu tilning o‘rgatilishi hali ham juda yomon ahvolda. Skandinaviyada ingliz tilida biror narsani tushuntirib bera olmaydigan odamni topishning o‘zi amri-mahol. Deylik, Italiya, Ispaniya yoki Portugaliya qishloqlarida ba’zan imo-ishora tilidan foydalanishga to‘g‘ri keladi, biroq hech-yo‘g‘i restorancha-do‘kon inglizchasi vositasida siz bilan hisob-kitob qila olishadi.
Agar hozirning o‘zida Moskvadagi istalgan chet tilini o‘rgatuvchi kursga qatnab, keyin, deylik, Germaniyaga borib, u yerda nemis tilini o‘rganishga kirishsak, bizdagi hamma chet tili o‘qituvchilarini – haydaganda ham sharmandalarcha – haydash kerakligi ochiq ko‘rinib qoladi.
Amerikaning eng sodda Pimsleur lingafon kurslari o‘zining samaradorligi jihatidan MGIMO (Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti)ning butun o‘qituvchilar tarkibidan yaxshiroq. Men o‘zim MGIMOda o‘qiganman, nima deyayotganimni juda yaxshi bilaman. A’lo darajadagi inglizchangni ko‘rib, seni xuddiki «elit» guruhga o‘tkazib, tag‘in boshidan grammatikani – sen o‘n yil avval o‘rganib bo‘lgan qismingdan boshlab o‘rgatishlari – g‘alatidan ham g‘alatiroq. Albatta, talabalar «may neym iz Petya»dan boshqa hech narsani o‘rganolmay chiqadigan boshqa barcha institutlar bilan taqqoslaganda, MGIMOda shakllangan maktab bor, lekin baribir shu oliygohni bitirib chiqib-da yangi tilda qiyinchilik bilan gapirasan.
Chunki ta’limni qoqib kirgazish tizimi Rossiyaga SSSRdan meros bo‘lib qolgan. Yevropa (yoki Amerika)da esa ta’lim – ichingdan his qilib, intuitiv ravishda. U yerda hammasi shunday qilinganki, ta’lim – ko‘ngilochar mashg‘ulotdek o‘tsin, bilimlar o‘z-o‘zidan qabul qilinsin. Bu, ta’limga umuman boshqacha yondashuv. O‘quvchilarga uyga vazifa qilib rebuslarni, «16ta farqni toping» qabilidagi suratlarni berishadi – bu kabi narsalar bolalarga qiziq, ular mashg‘ulotlarni qiynash sifatida qabul qilishmaydi. Dugonamning endigina uch yoshga to‘lgan o‘g‘lini bolalar bog‘chasidagi guruhi bilan birga Lissabonga, Sharq muzeyiga olib borishdi. Hayotidagi eng birinchi avtobus sayohatidan boshqa (shuni eslab qolsa ham katta gap) hammasini esdan chiqarib yuborsa ham, taassurotlar g‘ayrishuurda qoladi. Qoladigan narsalar orasida eng muhim hissiyot – o‘rganish, yangi narsani bilish – har doim qiziqarli ekanligidir.
Yana til o‘rganish masalasiga qaytadigan bo‘lsak, Yevropadagi odatiy integrasion kurslarda ikki oyda tilni o‘zlashtirish mumkin. Tilni mukammal o‘rganib olish uchun esa u yerga bir yil qatnash kerak. Til o‘rganish kurslarini Yevropada tugatgan tanishlarimning barchasi dastlabki uch oydan keyin bemalol xorijiy tilda so‘zlashishni boshlagan edilar.
Maktablarda ham xuddi shunday. Yuqorida eslab o‘tganimiz dugonamning katta o‘g‘li portugal maktabida o‘qiydi. Qishloqda. U portugalcha gapira oladimi-yo‘qmi – bu hech kimni o‘ylantirmaydi ham; ha, boshida unga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratishgan, o‘qituvchi unga qo‘shimcha mashg‘ulotlar bergan, lekin «u qanday qilib o‘qiydi?» degan savol – tizimdan to‘la tashqarida.
Xuddi shu fikrni Germaniyadagi katta talabalar haqida ham aytsa bo‘ladi. Yozda til kurslariga borasan, kuzda esa universitetdagi til kurslariga yozilsang bo‘ladi, lekin o‘qish boshlanganidan ma’ruzalarga boshqa barcha talabalar qatori qatnayverasan. Rus abituriyentlarning ota-onalari bunga ishona olishmaydi. Ularning fikricha, xorijdagi oliygohga kirish uchun zarracha imkon paydo bo‘lishi uchun bola Rossiyada kamida besh yil til bilan shug‘ullanishi kerak. Lekin, bilasizmi, amalda yevropalik barcha talabalar xorijiy tillarni (va xorijiy tillarda) oson o‘rganishadi. Bilimlarni tez o‘zlashtirishadi.
Chunki kichkinaliklarda, bog‘chalarda, boshlang‘ich maktablarda ularning boshlarini keraksiz axborot bilan to‘ldirishmagan – buning o‘rniga rivojlantirishgan. Bu ma’noda Yevropa muzeylari ayniqsa e’tiborga molik. Masalan, o‘sha Lissabondagi o‘quvchilarni guruhlab olib kelishadigan Tabiiy fanlar muzeyida bolalarning aqliy rivojlanishi uchun ko‘plab o‘yinlar tashkil qilingan. Endi buni birorta eksponatiga qo‘l tekkazib bo‘lmaydigan bizning muzeylarimiz bilan taqqoslang.
G‘arb maktab ta’limi tizimi miyani tugunlar bilan to‘ldirib tashlashga emas, balki rivojlantirish, ijodiy qobiliyatlarni ochish asosiga qurilgan. Bu borada mening ajoyib misolim bor – cho‘qintirgan otamning o‘g‘li, Kirill. O‘n ikki yoshida uni AQShga, shunda ham qaysidir bir qishloq olib ketishgan. Otasi rassom bo‘lgan, lekin Kirillning o‘zi hech qachon surat solishga qiziqmagan. Biroq Amerikada u maktabdagi badiiy ijodiyot xonasini ko‘rgan, u xonada hammasi shu qadar jozibali va erkin bo‘lganki, bundan tashqari, ijod erkinligi shu qadar qo‘llab-quvvatlanganki, oxir-oqibat Kirill Rossiyaga bir quti suratlar bilan qaytgan (onasi ajrashib, Moskvaga qaytgan). Oradan bir necha yil o‘tib, endi Germaniyada, Kirill o‘zi chizgan suratlarga Sony’dagilarga ko‘rsatgan – ular esa Kirillning kolleji kontraktini to‘lab berishgan va ishga qabul qilishgan.
G‘arb ta’lim tizimida hech kim o‘quvchiga: sen hammasini noto‘g‘ri qilayapsan, sen buni yo yaxshi qilishing kerak, yoki umuman qilmasliging kerak; eh-he, qizaloq, sen hech qachon odam bo‘lmaysan… degan gaplarni aytmaydi – bularnig barchasi odamlarni sindiradigan va ularni bir umr ijodiy to‘siq ortida qoldiradigan safsatalardan boshqa narsa emas.
Portugaliya ko‘chalari bo‘ylab qora kiyim kiyib olgan yoshlarning orkestlari yuradi. Qora kastyum va galstuk, oq ko‘ylak – kollej o‘quvchilarining formasi. Ular shunchaki ko‘chalarda yurib, kuylar ijro etishadi. Pul yig‘ishmaydi. Bu – talabalarning orkestrlari. Lissabonda – ular bo‘lajak muhandislar edi, Portuda esa – san’at kolleji talabalari. To‘g‘risi ayting, siz xuddi shunga o‘xshash manzarani, deylik, Moskvada tasavvur qila olasizmi?
Bizda hozir, agar gap professional tadbir haqida ketmayotgan bo‘lsa, «uch kishidan ortiq» bo‘lib to‘planish hatto qonun bo‘yicha taqiqlangan. Bizda kamtarlik va o‘z qobiliyatlarini kamaytirib ko‘rsatish fazilat hisoblanadi. Bu yerda esa odamlar shunchaki qo‘shiq kuylagisi kelyapti va, ana – kuylayapti. Mayli, ular bilag‘on emasdir. Chunki ularni: «Sen yo g‘urur bilan Konservatoriyada kuy ijro etasan, yoki hech kimsan», deb tarbiyalashmagan. Ular qo‘shiq aytish, kuy ijro etish, o‘ynash, rasm chizish, raqsga tushishdan uyalishmaydi. O‘sha, siz aytgan va siz e’zozlaydigan «eng yaxshi ta’lim» singdiradigan siqiqlik ularda sezilmaydi.
Mayli, G‘arb ta’lim tizimining maktab dasturi rossiyalik ota-onalar uchun juda sodda ko‘rinar. Lekin, deylik, avtomobil sotuvchisi bo‘lmoqchi bo‘lgan odam uchun hammasini murakkablashtirishning nima keragi bor? Kimningdir ambisiya, intilishlari bo‘lsa, ular universitetga hujjat topshirishadi. Va u yerda hamma narsani tez va oson o‘zlashtirishadi, chunki ularda ta’limdan qo‘rqmaydigan, kerak tomonga o‘zgara oladigan, qayishqoq, tez moslashuvchan aql, miya bor. Yevropaliklarning mantig‘i shunday: sen universitetga o‘qishga kirdingmi, endi sen mutlaqo boshqa odamsan. Shunchaki oliy ta’lim ko‘rgan odam emas, ziyoli yuqori qatlam vakilisan. Endi senda haqiqatan ham o‘z sohasida yagona o‘qituvchilardan takrorlanmas bilimlarni olish imkoniyati bor. To‘g‘ri, hozirda Yevropa oliy ta’limida inqiroz davri deb ko‘rilmoqda: universitetlar hunarmandchilik maktablariga aylanib qolgan, odamlar shunchaki kasbni o‘zlashtirishyapti, dunyoqarashni kengaytirishga tirgaklar yo‘q, et cetera. To‘g‘ri, ma’lum bir tendesiya bor, lekin bu kabi mish-mishlar haddan tashqari oshirib yuborilgan.
Eng muhimi: yevropacha ta’lim, albatta, nisbatan insonparvarroq. Yaqinda Moskvadagi badiiy bilim yurtini tamomlagan yosh do‘stlarimdan biri imtihon vaqtida o‘qituvchi uni tabassum qilgani uchun koyib berganini aytib berdi. Emishki, sen bu yerga xursandchilik qilgani kelmagansan.
Siz haqiqatan ham mana shunday ta’lim – yaxshi, deb o‘ylaysizmi?
«Buyuk sovet ta’limi» birinchi galda erkinlikni bo‘g‘ish, erkin fikrlash va ijod erkinligi jarayonini tug‘ilmasidan o‘ldirishga qaratilgan edi.
Kitoblarning kirishlarini biz o‘zimizning so‘zlarimiz bilan ko‘chirganlarimizni juda yaxshi eslayman va bu narsa insho deb atalardi. Shaxsiy fikrlaringni o‘zingdan tashqariga chiqarmasliging kerak edi.
Bolaligimizdan hissiyotlar va fikrlarni bo‘g‘ishga o‘rgatishlari sabab, biz hali ham avtoritar tizimda yashaymiz. Ta’limga nisbatan shakllanib bo‘lgan yondashuvni bir urinishda o‘zgartirib bo‘lmasligi tushunarli hol, hech bo‘lmasa bularning bariga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini tushunish kerak. Balki, bolalarni ham imkon qadar bu ta’limdan himoya qilishga intilish kerakmikin.
Ta’lim – mustaqil fikrlash yo‘lidagi bir pog‘ona ekanligini va bilimlar erkinlikdan boshqa hech narsa bermasligini bor kuch bilan o‘rgatish kerak.
Manba: sof.uz