Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada qo‘lga olindi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 1981 yilda tug‘ilgan N.E. uzoq vaqtdan buyon huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qidirib kelingan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, u yosh qizlarga yuqori maoshli ish va’da qilib, ularni Turkiyaga olib kelgan va keyinchalik hujjatlarini olib qo‘ygan holda ekspluatasiya qilganlikda gumon qilinmoqda.
O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchi Istanbul shahrida aniqlangan.
Shundan so‘ng u qo‘lga olinib, belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirilgan.
Ayni paytda unga nisbatan Jinoyat kodeksining odam savdosiga oid moddasi bo‘yicha tergov va boshqa prosessual harakatlar davom etmoqda.