Livan razvedka xizmatining sobiq rahbari general Abbos Ibrohim «Al-Hurra» telekanaliga bergan intervyusida AQSh prezidenti Barak Obama Tehronga tashrif buyurib, Eron Oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiy bilan uchrashishni rejalashtirganini aytdi.
Abbos Ibrohimning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea 2016 yilda sodir bo‘lgan. O‘sha paytda u AQShda bo‘lib, Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) direktori Jon Brennan bilan muzokaralar olib borgan. Kutilmaganda Brennan undan Tehronga qanday borishi va Xomanaiy bilan qanday uchrashuvlar o‘tkazishi haqida so‘ray boshlagan.
Bir qator savollardan so‘ng CIA direktori AQSh prezidenti Obama Tehronga borish va Xomanaiy bilan uchrashishni xohlayotganini aytgan. Brennan Abbos Ibrohimdan bu uchrashuvni tashkil etishga yordam berishni so‘ragan.
2016 yilda Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuv allaqachon amal qilar edi. Eron yadroviy qurol ishlab chiqarmaslik majburiyati evaziga unga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning bir qismi bekor qilingan edi.
Ibrohimning bayoniga ko‘ra, Obama Eron munosabatlarni normallashtirishga tayyor, deb umid qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq tashrif amalga oshmadi va Eron rahbariyati AQShni o‘zining qat’iy raqibi sifatida ko‘rishda davom etdi.