Bugun 14 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Nyu-York merining 7 oktyabr bayonoti bahslarga sabab bo‘lyapti

Nyu-York merining 7 oktyabr bayonoti bahslarga sabab bo‘lyapti

Nyu-York meri Zoxran Mamdani 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumining uch yilligi munosabati bilan e’lon qilgan bayonotida Isroil hukumatini G‘azoda «davom etayotgan genosid», «okkupasiya», «aparteid» va «harbiy jinoyatlar»da aybladi. Bu bayonot AQShdagi ayrim yahudiy tashkilotlari va Isroil vakillarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.

Mamdani bayonotining avvalida 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan 1100 dan ortiq isroillik o‘ldirilgani va 251 kishi garovga olinganini qayd etdi hamda qurbonlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Keyin u G‘azodagi urush oqibatlariga to‘xtalib, 74 mingdan ziyod falastinlik, jumladan 21 mingdan ortiq bola halok bo‘lganini aytdi.

Nyu-York meri AQShning Isroilga qurol yetkazib berishini ham tanqid qilib, Vashingtonni Isroilning harakatlariga sherik bo‘layotganlikda aybladi.

Biroq Isroil hukumati G‘azoda genosid amalga oshirilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib keladi. Isroil tomoni armiya harbiy nishonlarga zarba berayotgani va tinch aholi orasidagi qurbonlarni kamaytirish choralari ko‘rilayotganini ta’kidlaydi.

Mamdanining bayonotidan keyin Antidiffamasiya ligasi (AQShda joylashgan, yahudiy xalqini kamsitish va antisemitizmga qarshi kurashuvchi xalqaro huquq himoyasi tashkiloti) rahbari Jonatan Grinblatt uni tanqid qildi. U mer bayonotida «yahudiylar» so‘zi bir marta ham tilga olinmaganini ta’kidlab, 7 oktyabr xotira kuni siyosiy pozisiyani ilgari surish uchun ishlatilganini aytdi.

Isroilning Nyu-Yorkdagi bosh konsuli Ofir Akunis ham Mamdanining bayonotini keskin tanqid qildi va uni 7 oktyabr qurbonlari xotirasiga nisbatan hurmatsizlik deb baholadi.

Eslatib o‘tamiz, Zoxran Mamdani 2026 yil 1 yanvardan Nyu-York meri lavozimida ishlamoqda. U avval ham Isroilning G‘azodagi siyosatiga nisbatan keskin tanqidiy pozisiyasi bilan tanilgan.

Kiritildi: 16:06 08.10.2026. O'qildi: 955 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!