Guandun provinsiyasida 715 mingdan ortiq aholi xavfsiz hududlarga evakuasiya qilindi.
Xitoyning janubidagi Guandun provinsiyasida «Noul» tayfuni zarbasi sababli 715 mingdan ortiq kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Global Times gazetasi yozishicha, tayfun Xueydun uyezdi sohillariga kelib urilgan.
Tabiiy ofat oqibatida mintaqada transport qatnovi jiddiy izdan chiqqan. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli ko‘plab temir yo‘l qatnovlari bekor qilingan, aviasiya harakatida ham kechikishlar yuzaga kelgan.
Vaziyatning yomonlashishi munosabati bilan Xitoy hukumati favqulodda holatlarga javob berish darajasini oshirdi. Fuqarolarga zarurat bo‘lmasa safarlarga chiqmaslik, rasmiy ogohlantirishlarni kuzatib borish hamda ko‘chki, daryolarning toshishi va suv toshqinlari xavfi sabab ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etildi.
Xitoy Milliy meteorologiya markazi ma’lumotiga ko‘ra, quruqlikka chiqqanidan so‘ng «Noul» tayfuni mamlakat ichkarisi tomon harakatlanishda davom etadi. Kuchli yomg‘irlar kamida 28 iyulga qadar saqlanishi kutilmoqda.