Nobel jamg‘armasi mukofot ta’sis etilganining 125 yilligi munosabati bilan 2026 yilgi mukofot summasini oshirdi
Mukofot miqdori 1 million Shvesiya kronasiga, ya’ni qariyb 101 ming dollarga oshirildi. Endi laureatlar har bir yo‘nalish bo‘yicha 12 million krona — taxminan 1,2 million dollar oladi (avval mukofot miqdori 11 million Shvesiya kronasi edi).
"Pul miqdorini oshirish orqali biz Nobel mukofotining uzoq muddatli ahamiyatini qo‘llab-quvvatlaymiz va vaqt o‘tsa-da, uning moliyaviy qiymati saqlanib qolishini ta’minlaymiz", — dedi jamg‘arma ijrochi direktori Hanna Styorne.
Nobel mukofotlari ilk bor 1901 yilda topshirilgan. Alfred Nobel o‘z vasiyatida mukofotlarni besh yo‘nalish vakillariga topshirishni belgilagan: fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot, adabiyot hamda dunyoda tinchlikni qaror toptirishga hissa qo‘shish. 1968 yilda Shvesiya Markaziy banki Alfred Nobel xotirasiga iqtisodiyot fanlari bo‘yicha mukofotni ham ta’sis etdi.
2012 yilda Nobel jamg‘armasi moliyaviy holatini mustahkamlash maqsadida pul mukofoti miqdorini kamaytirgan, keyinchalik esa uni bir necha bor oshirgan.