“JCH-2018” guruh bosqichi 2-turida Nigeriya Islandiyani 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu esa, tabiiyki, Argentina uchun qulay vaziyatni yuzaga keltirdi.
Islandiyaning mag‘lubiyatga uchragani Argentina uchun oxirgi turda yaxshiroq imkoniyat hosil qildi. Nigeriyaning ikkita gol urgani esa islandlarning to‘plar nisbatini –2 taga yetkazdi. Argentinada esa bu ko‘rsatkich –3 taga teng. Demak, endi oxirgi turda Islandiya Xorvatiyani mag‘lub etgan taqdirda ham Argentina keyingi bosqichga chiqishi mumkin. Ammo…
Ammo buning uchun Messi va uning jamoadoshlari bugun sherdek o‘ynagan Nigeriyani mag‘lubiyatga uchratishiga, imkon qadar yirikroq hisobida yengishiga to‘g‘ri keladi. Har holda shunda Islandiya Xorvatiyani minimal hisobda mag‘lub etganda ham muammo bo‘lmaydi. Islandiyaning Xorvatiyani yirik hisobda yengishiga esa hech kim ishonmasa kerak.
Lekin shunisi borki, so‘nggi turda Nigeriyani durang ham qanoatlantiradi. Nigeriya Argentina bilan durang o‘ynasa, ochkolari soni to‘rttaga yetadi. Natijada oxirgi turda Islandiya Xorvatiyani mag‘lub etgan taqdirda ham Nigeriya keyingi bosqichga yo‘l oladi. Chunki o‘zaro o‘yinda Afrika qit’asi vakillari ustun kelishdi.
Shunday ekan, Nigeriya uchinchi turda bor imkoniyatini ishga soladi. Bugungidan-da kuchliroq Nigeriyaga aylanadi. Bu Nigeriyani esa darvoza chizig‘I ojiz, himoyasi kuchsizroq Argentina yenga olarmikin? Istaymizmi, yo‘qmi, oxirgi natijalaridan keyin Argentinaga har qanday jamoani yenga oladigan terma sifatida qaray olmaymiz.
Xullas, oxirgi turda hamma narsa Nigeriya va Argentina o‘yinida hal bo‘ladi. Ko‘ramiz, Xorxe Sampaoli taqdir qaytib bergan imkoniyatidan foydalana olarmikin?