Bugun 5 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Nepaldagi toshqinlardan yetgan zarar 2,56 milliard dollarga baholandi

Nepaldagi toshqinlardan yetgan zarar 2,56 milliard dollarga baholandi

Nepalda 26 avgust kuni yuz bergan halokatli toshqinlar oqibatida uy-joylar, mol-mulk va infratuzilmaga yetgan zarar kamida 387,5 milliard Nepal rupiyasi, ya’ni 2,56 milliard dollarni tashkil etgan. Bu haqda mamlakat Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va boshqarish milliy boshqarmasi rahbari Dxarma Raj Upreti Reuters’ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ofatdan keyingi dastlabki to‘rt oyda yo‘llarni tiklash, vaqtinchalik boshpanalar qurish, ichimlik suvi ta’minotini yo‘lga qo‘yish va elektr tarmoqlarini qayta tiklash uchun taxminan 52,6 million dollar talab etiladi. Bu hozircha dastlabki hisob-kitob bo‘lib, keyinchalik zararning batafsil bahosi tayyorlanadi.

Toshqindan zarar ko‘rgan hududlarda qariyb 20 mingta uyni qayta qurish zarur. Shulardan kamida 7,5 mingtasi butunlay vayron bo‘lgan.

Ofat 26 avgust kuni Xitoy bilan chegaradosh hududda muzlikning qulashi oqibatida yuz bergan. Muz, tosh va loy oqimi Trishuli daryosi bo‘ylab pastga harakatlanib, qishloqlar va infratuzilma ob’ektlarini vayron qilgan. Reuters’ning 4 sentyabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar soni 1 250 nafardan oshgan, 4 200 dan ziyod kishi bedarak qolmoqda.

Qutqaruv va tiklash ishlari davom etmoqda.

Kiritildi: 16:37 04.09.2026. O'qildi: 368 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!