Bugun 13 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Nega o‘ng tomon bilan yotishga targ‘ib etilgan?

A A A
Nega o‘ng tomon bilan yotishga targ‘ib etilgan?

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz uchun inson hayotining barcha jabhalarida go‘zal o‘rnakdirlar. Biz mo‘min-musulmonlar u zoti bobarakotning sunnatlariga amal qilib borsak, ko‘plab yaxshiliklarga erishamiz. Ushbu maqolada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bir sunnatlaridagi hikmatlarni o‘rganamiz.

Inson kun davomida sakkiz soat uxlashga ehtiyoj sezadi. Charchagan odam uxlaganda kuch yig‘adi, dam oladi, ertangi kun uchun quvvat hosil bo‘ladi. Ammo kishi noto‘g‘ri yotib uxlagan bo‘lsa, kerakli kuch yig‘olmaydi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga inson qanday uxlashi kerakligini batafsil tushuntirib berganlar. Bu – o‘ng tarafni bosib yotishdir. 

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Nabiy alayhissalom: «Qachon yotog‘ingdan joy olmoqchi bo‘lsang, namozga qiladiganingdek tahorat qil. So‘ng o‘ng tomoning bilan yonboshla va: «Ey Allohim, Senga nafsimni taslim qildim. Senga ishimni topshirdim. Senga rag‘bat qilib, O‘zingdan qo‘rqib, o‘zimni panohingga oldim. Sening O‘zingdan o‘zga panoh ham, najot ham yo‘q. Nozil qilgan kitobingga va yuborgan nabiyingga iymon keltirdim», degin. Agar o‘sha tuningda o‘lsang, fitrat(Islom)da o‘lasan. Bas, ularni oxiri aytgan narsang qilgin», dedilar.

«Eslab olay, yuborgan Rasulinggamidi?» dedim.

«Yo‘q. Yuborgan nabiyingga», dedilar». Muttafaqun alayh.

Demak, yotganimizda tahoratli bo‘lib, hadisdagi duoni o‘qib, o‘ng tarafimiz bilan yotsak, shu uyqumizda vafot etadigan bo‘lsak, Islomda vafot etgan bo‘lamiz. O‘qiladigan duo ishning oxirida bo‘lishi, undan so‘ng hech narsa demay, uyquga ketish kerak ekan.

Yana Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odati shariflari agar to‘shaklariga yotadigan bo‘lsalar, o‘ng tomonlari bilan yotardilar”.  

Bugungi zamonaviy ilm-fan uyqu hodisasi ustida ko‘plab izlanish va tadqiqotlar o‘tkazib, o‘ng taraf bilan yotish, shu tarzda uxlash afzalligini, chap taraf bilan yotish esa insonga zarar ekanini aniqladi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, o‘ng tomon bilan yotish jigarning oshqozonga bo‘ladigan bosimidan saqlab, oshqozon atrofidagi a’zolarning erkin holda turishiga yordam beradi. Shuningdek, bunday yotish yurak ishini ham yengillashtiradi.

O‘ng tomonni bosib yotish jismga rohat va sokinlik beradi.

Chap tomondagi o‘pka o‘ng tomondagi o‘pkadan kichikroq bo‘ladi. Kishi o‘ng tomonni bosib yotganda o‘pkaga bosim tushishi pasayadi.  

Miya boshning biroz o‘ng tomonida joylashgan. O‘ng tomonni bosib yotish esa boshga yuk tushishini kamaytiradi.

Tananing o‘ng tarafida joylashgan a’zolar chap tarafdagi a’zolardan ko‘proq va hajmi kattaroqdir. Shuning uchun o‘ng tomon bilan yotish jismga bosim tushishini pasaytirib, o‘ng tarafdagi a’zolarning erkin va qulay holda ishlashiga sabab bo‘ladi.

O‘ng tomon bilan yotilganda jigar ko‘proq barqaror holatda bo‘ladi.

O‘ng tomonni bosib yotilsa oshqozon kerakli sokinlikka erishadi. Undagi hazm bo‘lgan taomlarning chiqib ketishi ham oson bo‘ladi.

O‘ng tomonni bosib yotish nafas yo‘llari (traxeya)ni shilliq qavatlar ishlab chiqarishiga yordam beradi. Bu shilliq muhit esa yengil nafas olish uchun zarurdir.

Chap tomon bilan yotishning zararlarini bilasizmi?

Tanadagi ko‘p a’zolar o‘ng tarafda joylashgani bois chap tomon bilan yotganda tananing chap tarafiga katta bosim va og‘irlik tushadi.

Chap tomon bilan yotganda oshqozonga bosim tushadi. O‘z navbatida oshqozon jigar va yurakni ezadi. Natijada nafas olish qiyinlashib, yurak urishi tezlashadi.  Shuningdek, hajmi kichik bo‘lgan chap o‘pkaga ham og‘ir yuk tushadi.

Chap tomon bilan yotganda jigar osilgan holda bo‘ladi. Bu esa jigarning ishlashiga xalal beradi.

Chap tomon bilan yotish oshqozonga katta bosim solgani uchun undagi hazm bo‘lgan taomning chiqib ketishi qiyinlashadi.

Qorin bilan yotish ham o‘pkaga salbiy ta’sir qiladi. Nafas olishni qiyinlashtiradi. Ichaklar eziladi. Hadisi sharifda bunday yotishdan qaytarilgan.

Tofxa ibn Qays G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«O‘pka kasali tufayli masjidda qornimni yerga berib yotgan edim. Birov meni oyog‘i bilan turtib:

«Bundoq yotishni Alloh yomon ko‘radi», dedi.

Nazar solib qarasam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanlar».

Ushbu hadisi sharfda vasf qilingan holda yotib bo‘lmaydi. Chunki, bunday holda yotishni Alloh taolo yomon ko‘rar ekan.

Chalqancha yotish ham zararli bo‘lib, ichaklar diafragmani tepaga ko‘tarishiga sabab bo‘ladi. Bu holatda ko‘krak qafaslarga bosim tushadi. Bunday holda uyquga yotgan odam siqilishn va behalovatlikni his etadi. Bunday holda uxlaganlar uyqudan turganda ham siqilgan, lanj, g‘azabnok holda bo‘ladilar.

Chalqancha yotish kishining og‘izdan nafas olishiga sabab bo‘ladi.

Chalqancha yotish xatarli muammolarga sabab bo‘ladi. Jumladan, bunday yotadigan kishilar og‘izdan nafas olganlari bois shamollash, tumov va milklarning yallig‘lanishi kabi kasalliklariga ko‘proq chalinadilar.

Chalqancha yotish burun nafas yo‘li berkilib, og‘izdan nafas olishga, bu esa xirillab xurrak otishga sabab bo‘ladi.  

Chalqancha yotish og‘izdan yomon hid kelishiga sabab bo‘ladi.

Chalqancha yotish umurtqa pog‘onalariga zararlidir.

Chalqancha yotish yosh bolalarda boshning orqa tarafi yassilanishiga sabab bo‘ladi.

Bu ma’lumotlardan keyin yuqoridagi hadisi shariflardagi ilmiy va tibbiy hikmatlar ko‘rinib turibdi.

Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bundan o‘n to‘rt asr oldin tibbiyot hali rivojlanmagan, uxlash bilan bog‘liq ilmiy izlanish o‘tkazish birovning xayoliga kelmagan bir paytda inson uchun eng afzal yotishni tushuntirib, o‘zlari unga amal qilib, biz ummatlarini ham o‘ng taraf bilan yotishga targ‘ib qilganlar.

Bu haqiqatni hozirgi zamon olimlari yaqin yillar ichida uyqu hodisasi bo‘yicha olib borilgan ko‘plab izlanish va tadqiqotlardan keyingina anglab yetdilar. 

Manba: azon.uz

Kiritildi: 23:59 01.11.2018. O'qildi: 22173 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!