Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori bilan har haftaning juma kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni” deb belgilangan.
Toshkent viloyati YHXB tomonidan o‘tkazilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni”da yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 45 ta yuridik shaxs, 14 ta avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi va 22 ta avtoturagohda jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda haydovchilar va mas’ul xodimlar ishtirokida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘llarda harakatlanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot suhbatlari tashkil etildi.
Targ‘ibot kunida qaror talablaridan kelib chiqqan holda 23 ta jamoat transportiga videoregistrator o‘rnatildi. Bu avtomobil yo‘llarida haydovchilar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘z navbatida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan va xonadonlarda yillar davomida foydalanish uchun yaroqsiz holda bo‘lgan 16 ta transport vositasi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda DYHX xizmati ro‘yxatidan o‘chirildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar davomida yo‘lovchilarni lisenziyasiz tashish bilan shug‘ullanayotgan 37 nafar haydovchi aniqlanib, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Manba: uza.uz