Joriy yilning 18 dekabr kuni Karmana tumanida er va xotin, shuningdek ularning ikki farzandi is gazidan zaharlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.
Aniqlanishicha, S.YA. va o‘g‘li S.A. uxlash maqsadida oshxonaga, rafiqasi M.YA. esa ikkinchi farzandi A.A. bilan yotoqxonada isinish pechini yoqib, uxlagan vaqti pechning mo‘rilaridan chiqqan is gazidan zaharlangan.
Buning oqibatida ota va o‘g‘li voqea joyida vafot etgan. Oila bekasi va yana bir farzand zaharlanish tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra fuqaro ota-bolaning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasida sodir bo‘lganligi aniqlangan.
Shuningdek, hozirgi kunda ayol va uning voyaga yetmagan farzandining ahvoli o‘rtacha holatda.
Hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruh tomonidan ko‘zdan kechirilib, narsa va ashyolar olinib, tegishli ekspertizalar tayinlangan.