Jomboy tumanidagi 7-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tumandagi maktablarning til va adabiyoti fani o‘qituvchilari, yoshlar, mahallalar vakillari va boshqalar ishtirok etdi. Iqtidorli yoshlar, o‘quvchilari ulug‘ shoir qalamiga mansub she’r va g‘azallardan namunalar o‘qidi.

Tadbirda buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy butun hayoti davomida adabiy asarlarni siyosat bilan birlashtirgan. U mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qo‘shgan. Ilm, fan, san’at rivojiga homiylik qilgan. Tinchlik va totuvlik hukm surishiga doim harakat qilgan.

Shuningdek, tadbirda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi katta inspektori D.Sulaymonov "Navoiyning huquqiy qarashlari" mavzusida chiqish qilib, hazrat Navoiyning nafaqat til va adabiyotga, xususan fiqh (huquq) faniga ham qiziqqanligi, bu borada amalga oshirgan ayrim ishlari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.
Navoiy asarlari xalqni qay yo‘sinda baxtli-saodatli qilmoq mumkin, degan savollarga javob tariqasida yozilgan. Jumladan:
Odamiy ersang demagil odami,
Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Shoir bu baytni shunchaki yozib qo‘ymagan – butun vujudi, tafakkuri, hayoti va ijodini xalqqa bag‘ishlagan bu buyuk inson shu shiorni o‘z hayoti va faoliyatining mohiyati deb bilgan va boshqalarga ham targ‘ib qilgan.
Bunday purma’no satrlar tom ma’noda O‘zbekistonning bugungi hayotida ham hamohanglik kasb etmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda xalqni rozi qilish, ularning orzu armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mehnat qilayotgan zamondoshlarimiz uchun buyuk mutafakkir so‘zlari dasturilamaldir.
Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan mushoiralar, nazm va navo kechalari, adabiyot bayramlari davom etmoqda.

Zulxumor RASHIDOVA,
Jomboy tuman 7-IDUM ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi.