NATOning uzoq masofadan radiolokasion aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lgan Boeing E-3A Sentry samolyoti Ruminiya havo hududida, Ukraina chegarasiga yaqin hududda navbatdagi parvozni amalga oshirmoqda.
Bu haqda Flightradar24 portali ma’lumotlariga tayanib «RIA Novosti» xabar tarqatdi.
Gap havo va dengiz nishonlarini juda uzoq masofadan turib aniqlash hamda aviasiya harakatlarini muvofiqlashtirish qobiliyatiga ega AWACS tizimidagi samolyot haqida bormoqda. Ushbu havo kemasi radarining qamrov radiusi 600 kilometrgacha yetadi. Ta’kidlash joizki, samolyotning ayni paytdagi harakat nuqtasidan Rossiya chegarasigacha bo‘lgan masofa to‘g‘ri chiziq bo‘ylab taxminan 270–280 kilometrni tashkil etadi.
Servis ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 02:00 holatiga ko‘ra, mazkur bort havoda deyarli ideal aylana hosil qilib uchgan. Samolyot dastlab Litvaning Shyaulyay shahridagi aerodromdan havoga ko‘tarilgan, so‘ngra Polsha, Slovakiya va Vengriya havo hududlari orqali Ukrainaning g‘arbiy chegarasini aylanib o‘tib, Ruminiyaga yetib kelgan.