Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar doirasida navbatdagi amaliy tadbir ijro qilindi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudi qaroriga asosan fuqaro I.R.ning qarzdorligi bo‘yicha “Aloqabank” ATB foydasiga jami 346 million so‘m miqdorida undiruv belgilangan. Ushbu sud hujjati belgilangan muddatlarda ijro qilinmaganligi munosabati bilan ish MIB Namangan viloyat boshqarmasi ish yurituviga qabul qilingan.
Ijro harakatlari davomida aniqlanishicha, fuqaro I.R. nomida garovga qo‘yilgan CHERY EQ7 ELECTRICAL rusumli qimmatbaho avtomobil mavjud bo‘lgan. Qarzdor tomonidan majburiyatlar bajarilmaganligi sababli, mazkur avtomashina qarzdorlikni qoplash maqsadida xatlandi va vaqtincha saqlash uchun maxsus avtoturargohga joylashtirildi.
Hozirda mazkur ish yuzasidan belgilangan tartibdagi keyingi ijro harakatlari amalga oshirilmoqda. Qarzdor tomonidan qarz miqdori qoplanmagan taqdirda, xatlangan avtomashina belgilangan tartibda ommaviy auksion orqali sotuvga qo‘yilishi mumkin.
Majburiy ijro byurosi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida ado etish zarurligini eslatib o‘tadi. Sud qarorlarining to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishi qonun ustuvorligining asosiy kafolatlaridan biri hisoblanadi.