Mamlakatning sobiq harbiy xunta rahbari, yaqinda prezidentlikka saylangan Min Aun Xlaing mamlakatning 60 ta aholi punktida harbiy nazorat o‘rnatish haqida farmon chiqardi. Garchi mamlakatda rasman fuqarolik boshqaruviga o‘tilgan bo‘lsa-da, ushbu qadam qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan hududlarda xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida tashlandi. Harbiy holat Kachin, Kaya, Chin, Shan va Rakxayn kabi beqaror shtatlarni, shuningdek, Sagaing va Mandalay kabi yirik mintaqalarni qamrab oladi.
Davlat ommaviy axborot vositalarining xabariga ko‘ra, 90 kunlik favqulodda holat "qurolli terrorizmga chek qo‘yish" va "qonun ustuvorligini tiklash" uchun zarur. Mazkur farmon bilan ushbu hududlardagi butun ijroiya va sud hokimiyati yangi harbiy rahbar Ye Vin Oo ixtiyoriga o‘tkazildi. Bu Min Aun Xlaingning aprel boshida prezident bo‘lganidan keyingi ilk yirik siyosiy qadamidir.
Myanma 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan beri qurolli mojarolar ichida qolmoqda. O‘shanda harbiylar Aun San Su Chji boshchiligidagi hukumatni ag‘dargan edi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan va tanqidchilar tomonidan nohaq deb baholangan saylovlardan keyin ham harbiylar o‘z nazoratini saqlab qolishga harakat qilmoqda.