Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning ma’lum qilishicha, “MV Hondius” kruiz layneri bilan bog‘liq yana bir xantavirus yuqish holati aniqlangan. Yangi holat avvalroq kemadan evakuasiya qilingan ekipaj a’zosida qayd etildi.
Shu tariqa, mazkur kema bilan bog‘liq tasdiqlangan kasallanishlar soni 12 taga, qurbonlar soni esa 3 nafarga yetdi.
Tedros Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, bemor Tenerife orolida qirg‘oqqa tushirilgan va keyinchalik Niderlandiyaga olib ketilgan. Hozirda u o‘zini o‘zi izolyasiya qilgan holda nazorat ostida saqlanmoqda.
“2 may kuni JSST ilk bor bu kasallik tarqalishi haqida xabar berganidan buyon xantavirusdan yangi o‘lim holatlari qayd etilmadi”, — dedi u matbuot anjumanida.
Ayni paytda “MV Hondius” kemasiga egalik qiluvchi Niderlandiyaning “Oceanwide Expeditions” kompaniyasi yangi sayohat uchun buyurtmalar qabul qilishni boshlagan. Rejaga ko‘ra, layner 13 iyun kuni Norvegiyaning Longyir portidan yo‘lga chiqadi.
Etti kunlik sayohat Shpisbergen arxipelagining shimoliy suv hududlari bo‘ylab o‘tishi belgilangan. Chiptalar narxi 4,1 ming yevrodan 18,6 ming yevrogacha sotilmoqda.
Kompaniya rahbari Remi Buaysse kema yangi reys oldidan to‘liq tozalanishi va qat’iy sanitariya qoidalari asosida dezinfeksiya qilinishini bildirdi. Biroq kompaniya hozirgi ekipaj a’zolari kema bortida qolish-qolmasligi haqida ma’lumot bermagan.