Parijda bo‘lib o‘tgan "xohlovchilar koalisiyasi" sammiti yakunlari bo‘yicha Germaniya kansleri Fridrix Mers muzokaralar stoliga o‘tiradigan vaqt yetganini ma’lum qildi. U Yevropa mojaroni cho‘zishga emas, balki unga imkon qadar tezroq barham berishga intilayotganini ta’kidladi.
"Shu sababli Rossiyaga yo‘llagan signallarimiz shundan iborat: muzokaralar stoliga o‘tiradigan vaqt keldi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oladigan payt keldi", — dedi u.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, "xohlovchilar koalisiyasi" AQSh bilan yaqin hamkorlikda barqaror tinchlikni o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin ham Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashishga tayyor. Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, Ukraina xavfsizligi kafolatlarining aniq tafsilotlarini Rossiya emas, aynan Ukraina va uning hamkorlari belgilaydi.