Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Muzlatkich mashmashasi: Navoiyda qaynona-kelin bir-birini savaladi

Muzlatkich mashmashasi: Navoiyda qaynona-kelin bir-birini savaladi

Qaynona-kelin mojarosi afsuski, yangilik emas. Bu muammo avval ham bo‘lgan, hozir ham bor, keyin ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Xo‘sh, ular nega bir-biri bilan til topisha olmaydi? Nega janjallashadi? Afsuski, oramizda bir-biriga qo‘l ko‘taradigan qaynona-kelinlar ham bor...

 

Muzlatgich mashmashasi

Qaynona-kelin avvaldan kelisha olmasmidi yoki bu birinchisimi, bizga qorong‘u. Bilganimiz, hammasi kelinga sovg‘a qilingan muzlatgich mashmashasidan boshlangan.

O‘sha kuni kichik kelini Husnora (maqoladagi ism-familiyalar o‘zgartirildi)ning uyiga borgan Dilorom aya hovliga kirishi hamon tashrifining maqsadini ma’lum qiladi: «Sizga berilgan muzlatgichni olib chiqing, meniki buzilib qoldi». Husnoraga qaynonasining taklifi yoqmaydi. Jangga tayyor askardek darrov himoyaga o‘tgan kelin, yuzing-ko‘zing demay, qaynonasi bilan gap talashadi. Ammo Dilorom aya ham anoyilardan emasdi. Kelinning ovozini o‘chirib qo‘yish maqsadida uning opasi Xolidaga qo‘ng‘iroq qilib, chaqirtiradi.

Xolida yetib kelganda, qaynona-kelin boshqa-boshqa xonalarda o‘zlaricha reja tuzishardi.

— Xolidaxon, singlingiz menga gap qaytardi. Bunday janjallardan, ochig‘i, to‘yib ketdim. O‘g‘lim Nozimjon Rossiyadan qaytib kelgunicha, u ota-onangiznikida yashab tura qolsin.

— Voy, nega unday deysiz, quda xola, axir...

— Hech qanday axir-paxiri yo‘q! Olib keting!

Qaynonasining gapidan Husnoraning qoni qaynadi. «Men ketamanmi?! Men-a?» kelin og‘ziga kelgan gap bilan qaynonani masxaralar, ikki o‘rtada qolgan opa esa qay biriga yon bosishni bilmay hayron turardi.

Kelinga bo‘sh kelishni istamagan Dilorom aya u bilan teppa-teng olisha boshladi. Opasining «hay-hay»lashiga qaramay Husnora ham ovozini balandlatdi. Shu payt g‘azabi qaynagan Dilorom aya xontaxta ustida turgan yelim krujkani kutilmaganda kelinga qarata otdi.

Qani edi shu bilan mojaroga nuqta qo‘yilsa? Qaynonasining kutilmagan «xujumi»dan o‘zini boshqara olmaydigan holatga tushib qolgan Husnora Dilorom ayaga tashlanib, uning sochidan tortdi, qo‘l-oyoqlaridan tishlab, bor ovozda baqira boshladi. Xolida va Dilorom ayaning turmush o‘rtog‘i Shokir aka bo‘lmaganidami, bu ikki ayol bir-birini mayib qilib qo‘yishi ham hech gap emasdi. Yodingizda bo‘lsa, hammasi birgina muzlatgich voqeasidan boshlangandi.

«Senmi onamni uradigan?»

Janjaldan so‘ng Dilorom aya qizi Ozodaning uyiga yo‘l oladi. Onasining yuz-ko‘zi shilinganini ko‘rgan qiz undan nima bo‘lganini so‘raganda, ona Husnora bilan bo‘lib o‘tgan voqeani ko‘zida yosh bilan so‘zlab beradi. Kim onasini birovga urdirib qo‘yar edi? Tabiiyki, Ozodaning jahli chiqib, Husnoraning tazirini berib qo‘yish uchun unikiga boradi. Muammo chiqishidan xavotirlanib, Dilorom aya ham uning ortidan yetib keladi. Ammo u kirib kelganida qizi bilan kelini bir-birini haqoratlab, yulishayotgan edilar. Katta qizining yordami bilan Dilorom aya ikkisini ajratib oldi. Bu paytda kelinning ota-onasi ham yetib kelishgandi.

«Haqoratlariga chidab turolmadim»

Sudda ko‘rsatma bergan Dilorom Qodirova aybiga iqror bo‘lmay, aksincha, kelini unga qo‘l ko‘targanini aytgan. Husnoraning esa o‘z xulosasi bor.

Husnora Qodirova: 

— Soat taxminan 10.00 atrofida qaynonam uyga kirib keldi-da, o‘zining muzlatgichi buzilib qolgani uchun bizga berilganini olib ketishini aytdi. Shu masalada o‘zaro tortishib qoldik. Bir-birimizga haqoratli so‘zlar aytdik. Soat 15.00 da qaynonam yoniga chaqirib, opam Xolida kelgani, tashqariga chiqishimni tayinladi. Oshxonaga kirganimda, qaynonam, opam va qaynotamning yonida meni har xil gaplar bilan yomonlayotgandi. So‘ng meni ko‘rib, xontaxta ustida turgan yelim idish (krujka)ni menga qarata otdi. Krujka peshanamga tegdi. Jahlim chiqib, qaynonamning yoniga yaqinlashganimda, u xontaxta ustida turgan chinni likopcha bilan peshanamning yuqori qismiga urdi. O‘zimni tutib turolmay, u bilan battar janjallashdim. Qaynonam tunuka paqir qopqog‘i bilan yelkamga urganda, opam qopqoqni qo‘lidan olmoqchi bo‘ldi. Shu payt qopqoq qaynonamning qo‘lini shilib yubordi. Opam uyga ketishimni aytib, meni tinchlantirishga urindi. Bu vaqtda katta qaynopam ham kelgandi. U ikkimizni ham tinchlantirishga tushdi. Oradan ikki soat o‘tib, boshim qattiq og‘riyotgani bois qon bosimimni o‘lchatish uchun qaynopamnikiga chiqdim. Shu payt qayerdandir qaynisinglim Ozoda paydo bo‘ldi-yu, meni haqorat qila boshladi. Kutilmaganda yuzimga tarsaki tushirib, 3 metrgacha sochimda sudradi. Sudrab ketayotganda, oyog‘i bilan qornim va ko‘kragimga tepdi. Qaynopam singlisini ajratib olmaganida, bilmadim nima bo‘lardi. Shundan so‘ng ota-onamga qo‘ng‘iroq qilib, chaqirtirdim. Ular kelgach, mehmonxonadan chiqdim-u, hushimni yo‘qotdim. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. Besh kun shifoxonada yotib, davolandim. 

Birovning hayotiga baho berishdan osoni yo‘q, ammo haqiqat shuki, aksariyat qaynona-kelin mojarolari tilni tiya bilmaslikdan kelib chiqadi. Bu vaziyatda ham har ikkala ayol o‘zicha haq, ammo yo kelin yoki qaynona aql bilan ish ko‘rganida edi bunday dilxiraliklar bo‘lmagan bo‘lardi.

Kim qanday jazo oldi?

Sud Dilorom Qodirovani O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan aybli, deb topib, unga shu moddaga asosan, 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga moddiy va ma’naviy zarar undirish belgilandi.

 

Alisher SAYDULLAYEV,

Karmana tuman sudi sudyasi

Dildora YUSUFBEKOVA,

jurnalist.

 

Kiritildi: 16:13 25.10.2019. O'qildi: 4124 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!