Eronning yangi Oliy rahbari Mujtaba Xominaiyning qayerda ekanligi va salomatligi borasidagi xabarlar xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘lib turibdi. Kuvaytning "Al-Jarida" nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, u ayni damda Rossiya poytaxtida tibbiy muolajalar olmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Mujtaba Xominaiy 12 mart kuni Rossiya harbiy samolyotida Moskvaga yetkazilgan. Eslatib o‘tamiz, u 28 fevral kuni AQSh va Isroil tomonidan Oyatulloh Ali Xominaiy qarorgohiga berilgan zarba oqibatida jarohatlangan edi.
Garchi u 7 mart kuni mamlakatning yangi rahbari sifatida e’lon qilingan bo‘lsa-da, shu vaqtga qadar ommaga ko‘rinish bermadi. "The Guardian" va "CNN" manbalarining ta’kidlashicha, Mujtaba Xominaiyning qo‘l-oyoqlari, shuningdek, yuz va ko‘z sohasida jiddiy jarohatlar bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 10 mart kuni Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bilan muloqot chog‘ida yuqori malakali tibbiy yordam taklif qilgan. Shundan so‘ng Xominaiy Moskvadagi Kremlga aloqador xususiy klinikalardan biriga joylashtirilgani va murakkab operasiyani boshdan kechirgani aytilmoqda.
Bugun, 16 mart kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov OAV vakillari bilan uchrashuvda ushbu mavzuga to‘xtaldi. Biroq u vaziyatni na tasdiqladi va na inkor etdi:
"Biz bunday xabarlarga hech qanday izoh bermaymiz", — deya qisqa javob qaytardi Peskov.
Eronning yangi rahbarining salomatligi va uning siyosiy maydondagi kelgusi harakatlari mintaqadagi vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.