15 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Ikkinchi Boku dunyo diniy yetakchilari sammitida nutq so‘zladilar, deb xabar bermoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati.
Ushbu sammitda 5 ta qit’adan kelgan 85 dan ortiq mamlakat vakillari va 350 dan ziyod mehmonlar ishtirok etmoqda.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nutqlarining avvalida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining muborak 70 yoshga to‘lishlari va shayxulislomlik faoliyatlarining 40 yilligi munosabati bilan qutladilar. Shayxulislom janoblarining Islom dini ma’rifatini keng tarannum etish, mo‘min-musulmonlar hamjihatligini ta’minlash va dinimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan mehnatlarini alohida qayd etdilar.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta’limotlarini go‘zal shaklda yetkazish savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda O‘z diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).
Hamkorlikda Islom dinining asl qadriyatlari va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, turli xatarlarga qarshi birgalikda kurashish va mo‘min-musulmonlarning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishdagi sa’y-harkatlar tahsinga loyiq ekaniga ma’ruzada katta urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari har ikki qardosh davlat rahbarlari o‘zlarining dono so‘zlari hamda amaliy sa’y-harakatlari bilan mintaqalarimizda tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash, xalqlarimizning hamkorligini yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotganlarini mamnuniyat ila izhor qildilar.
Ushbu Sammitda taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, yetuk ekspertlar, davlat va din arboblari dolzarb mavzulardagi chiqishlarini davom ettirmoqda.