Isroilning "Mossad" razvedka xizmatiga Belarusda tug‘ilgan general-mayor Roman Gofman yangi boshliq etib tayinlandi
Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Tayinlovga qadar Gofman bosh vazirning harbiy kotibi lavozimida ishlagan. U "Mossad" rahbari lavozimida David Barneani almashtirdi. Gofmanning lavozimga kirishish marosimida so‘zga chiqqan Netanyahu Isroil Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga va yahudiy davlatining mavjudligiga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, "Mossad" — Isroilning tashqi razvedka xizmati bo‘lib, u razvedka ma’lumotlarini to‘plash, terrorizmga qarshi kurashish va xorijda maxsus operasiyalarni amalga oshirish uchun javobgardir. Xizmat bevosita Isroil bosh vaziriga bo‘ysunadi, parlament nazoratida emas va mamlakatning uchta asosiy maxsus xizmatidan biri hisoblanadi.