Buyuk Britaniyada yashovchi 58 yoshli Lyusinda Metuyen-Kempbell 2016 yili oshqozon-ichak yo‘llarini jarrohlik yo‘li bilan davolatish maqsadida kasalxonaga yotgandi. Tajribali jarroh Entoni Dikson unga jinsiy a’zosiga implantat o‘rnatishni taklif qilib qoldi. Ayol rozilik bildirdi. Biroq jarrohlik amaliyoti jarayonida jarroh uning tuxumdonini o‘zidan beruxsat, bekitiqcha tarzda kesib oldi.
— Jarroh ko‘zimga qarab turib meni aldashiga chidab tura olmayman, — degandi o‘shanda Metuyen Kempbell jurnalistlarga. — Nimaymish, mening yoshimda tuxumdonning umuman zarurati yo‘qmish…
Afsuski, bu jarrohlik amaliyoti ayol uchun juda qimmatga tushdi. Firibgar jarrohning aybi bilan yangi dard orttirib oldi. Tuxumdon kesib olingan joylaridagi og‘riqqa sira bardosh qilib bo‘lmasdi. Oxiri ayol jonidan to‘ydi. Kunlarning birida o‘z joniga qasd qildi.
Qarangki, bu ishga qo‘l urishdan oldin eriga qo‘ng‘iroq qilib, og‘riqlarni faqat o‘lim to‘xtata olishini aytgan ekan. Eri ham keyinchalik Metuyen xonimni qanchalar tushunishini bayon qildi. U aytib o‘tdiki, jarrohlik amaliyoti doirasida tuxumdoni bekitiqcha kesib olingach, ruhiyatiga jiddiy ziyon yetgan. Mana shu narsa ham ayolni so‘nggi qarorni qabul qilishga undagan.
Hozirgi paytda Angliya sog‘liqni saqlash xizmati mutaxassislari Diksonning qilmishlarini o‘rganishga kirishgan. Unga jarrohlik bilan shug‘ullanish vaqtincha taqiqlab qo‘yilgan. Tez orada prokurorlar ham harakatga kelib jinoiy ish qo‘zg‘atishsa ajab emas.
The Week