Messi bir vaqtlar Lamin Yamalni cho‘miltirgan, endi esa u bilan JCH–2026 finalida to‘qnash keladi.
2007 yil sentyabrida 20 yoshli Lionel Messi «Barselona» klubining YUNISEF bilan hamkorlikda o‘tkazgan xayriya fotosessiyasida ishtirok etgan. Kalendar uchun tashkil etilgan suratga olish jarayonida argentinalik yulduzdan chaqaloq bilan suratga tushish va uni cho‘miltirishda qatnashish so‘ralgan.
Fotograf Joan Monfortning eslashicha, Messi avvaliga bolani qanday ushlashni bilmay, biroz hayajonlangan. Biroq chaqaloq xotirjam bo‘lgan va hatto Messiga kulib turgan. O‘sha chaqaloq keyinchalik Ispaniya futbolining yorqin iqtidoriga aylangan Lamin Yamal edi.
Yamalning oilasi xayriya tashkilotlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘olibi sifatida fotosessiyada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritgan. Ular «Kamp Nou» stadioniga safar va «Barselona» futbolchilaridan biri bilan suratga tushish huquqini yutib olgan. Kim bilan suratga tushishlari oldindan ma’lum bo‘lmagan, Messi ularga qur’a orqali nasib etgan. Suratlar stadionning mehmonlar kiyinish xonasida olingan, kichik Lamin esa onasi bilan birga bo‘lgan.
Kalendar nashr etilgandan keyin bu suratlar deyarli unutilib ketgan. Hatto fotografning o‘zi ham uzoq vaqt davomida rasmdagi chaqaloq keyinchalik «Barselona» va Ispaniya terma jamoasining yulduziga aylanganini bilmagan.
Hammasi 2024 yil yozida Lamin Yamalning otasi ushbu suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgach o‘zgardi. Ayniqsa, Yamalning 16 yoshida Yevropa chempionatidagi yorqin o‘yini va Ispaniyaning chempionlikni qo‘lga kiritishi ortidan bu suratlar butun dunyo bo‘ylab keng tarqaldi.
Endi esa bu voqea yangi davomga ega bo‘lmoqda. Tasodifiy «cho‘miltirish» uchrashuvidan qariyb 19 yil o‘tib, Lionel Messi va Lamin Yamal Jahon chempionati–2026 finalida o‘z milliy terma jamoalarining yetakchi futbolchilari sifatida bir-biriga qarshi maydonga tushadi.