Mers Kiyevda Germaniyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy yordamini davom ettirishini ma’lum qilishi kutilmoqda. Germaniya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Berlin Rossiyaning reaktiv dvigatelli zarbador dronlariga qarshi kurashish uchun Ukrainaga minglab dron-tutqichlar yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shuningdek, Germaniya uzoq masofaga zarba beruvchi qurollarni birgalikda ishlab chiqarishni tezlashtirmoqchi. Buning uchun avval tasdiqlangan byudjet mablag‘laridan 1 milliard yevro ajratilishi rejalashtirilgan. Yana 350 million yevro vayron bo‘lgan elektr stansiyalarini ta’mirlash va tiklashga yo‘naltiriladi.
Mersning tashrifi Rossiyaning Ukrainaga, jumladan Kiyevga hujumlari kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. U Kiyevga kelishidan biroz oldin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xorijiy diplomatlar va mehmonlarni Ukraina poytaxtiga borish xavfli ekanidan ogohlantirib, shaharni tark etishga chaqirdi.