Tramp Nobel tinchlik mukofotini ololmaganidan g‘azabga keldi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti Janubiy Afrika Respublikasi huquqshunosi Navanetxem Pilleyga berilganidan so‘ng Nobel qo‘mitasini keskin tanqid qildi. U Nyu-York shtatidagi saylovoldi tadbirida qabul qilingan qarorni «sharmandali va uyatli» deb atadi hamda bu Norvegiyaning obro‘siga dog‘ tushirishini bildirdi.
Oq uy rahbari Nobel qo‘mitasini demokratiyaga qarshi bo‘lgan «radikal mafkurachilar» ta’siri ostida qolganlikda aybladi. Tramp Pilley haqida avval eshitmaganini aytib, uni «BMTning liberal vakili» deb atadi.
«Men Nobel tinchlik mukofotini olishim kerak edi, ammo ololmadim», — dedi Tramp.
U o‘zining hal qilganini da’vo qilayotgan bir qator mojarolarni yana bir bor sanab o‘tdi. Shuningdek, 2009 yilda prezidentlik lavozimiga kirishganidan bir yil o‘tmay Nobel tinchlik mukofotini olgan AQShning sobiq prezidenti Barak Obama bilan o‘zini taqqosladi.
Trampning chiqishi Nyu-York gubernatorligiga respublikachilar nomzodi Bryus Bleykmanni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan mitingda bo‘lib o‘tdi. Biroq prezident nutqining katta qismini saylovoldi masalalariga emas, balki Nobel qo‘mitasidan noroziligi va siyosiy raqiblariga nisbatan tanqidlarga bag‘ishladi.