O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 27-28 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etdi.
Sammitning asosiy tadbirlari 28 sentyabr kuni bo‘ldi.
Dushanbedagi "Ko‘hi Somon" saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.
Dastlab davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘tgan yil O‘zbekistonning MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorligida mutlaqo yangi bosqich bo‘lganini ta’kidlash lozim. Bu mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan turli sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiyot, investisiya, transport, turizm, ilm-fan, ta’lim va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Prezidentimiz dunyo miqyosida jadal o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, global xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi kunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston mashinasozlik, energetika, elektrotexnikasi, to‘qimachilik, farmasevtika sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasidagi kooperasiyani yanada kengaytirish tarafdori.
Savdo-sotiq MDH davlatlari hamkorligida muhim o‘rin egallaydi. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yil 3 noyabr kuni Toshkentda ilk bor o‘tkazilgan MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi ham a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, Hamdo‘stlik doirasida yangi, aniq loyihalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi. Majlisda a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga doir 20 ga yaqin masala ko‘rib chiqildi.
Keyingi ikki yilda mamlakatimiz bilan MDH davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi muttasil o‘smoqda.
Shavkat Mirziyoyev bu haqda so‘z yuritar ekan, bojxona tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, savdoda mavjud barcha cheklovlarni, jumladan, texnik to‘siqlarni bartaraf etish zarurligini, MDH erkin savdo zonasining to‘laqonli faoliyat yuritishi va o‘zaro bozorlarni shakllantirish, shuningdek, qisqa fursatda Hamdo‘stlik makonida xizmatlar sotish bo‘yicha erkin zonani yaratish muhimligini ta’kidladi.
– Xalqaro va mintaqaviy yo‘laklardan samarali foydalanishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni davom ettirish, bunda o‘zaro tarif preferensiyalari berishning yagona mexanizmini joriy etish, barcha turdagi transportlarda yuk tashishda talablarni birxillashtirish va turli to‘siqlarni bartaraf etish, logistika markazlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega, – dedi davlatimiz rahbari.
Mashinasozlik, energetika, elektrotexnikasi, to‘qimachilik, farmasevtika sanoati va qishloq xo‘jaligida hamkorlikni, jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berishda "yashil yo‘laklar"dan keng foydalangan holda rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Hududlararo va chegaraoldi hamkorlikni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega. Bu MDH davlatlari va xalqlari o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tomonlar huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, MDH makonida xavfsizlikka tahdidlarning o‘z vaqtida oldini olish maqsadida samarali hamkorlikni ta’minlash masalalarini muhokama qildi.
Prezidentimiz yoshlar o‘rtasida radikallashuv muammosiga to‘xtalib, ta’lim, ma’rifat, yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun sharoit yaratish borasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Mamlakatlarimizni birlashtirib turuvchi muhim kuch bo‘lgan madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash va qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Tor doiradagi uchrashuvda 2019 yilda MDHga raislik hamda Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini o‘tkazish joyi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi. Qabul qilingan qarorga ko‘ra, kelgusi yilda Hamdo‘stlikka raislik Turkmanistonga o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi tashkilotga hamrais etib belgilandi.
Davlat rahbarlari muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Unda turli sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollariga doir keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Koinotni tadqiq etish va tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida MDH konvensiyasi hamda 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash bo‘yicha asosiy tadbirlar rejasi ma’qullandi.
MDHga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlarining 1948 yil 10 dekabrdagi Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan bayonoti, 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar davlatlararo dasturi, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va boshqa hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, 2021 yilni MDHda arxitektura va shaharsozlik yili deb e’lon qilish haqida qaror qilindi. Jami 16 hujjat imzolandi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi yakunlandi. Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda kuzatib qo‘ydi.
Manba: uza.uz