MDH Terrorga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Novikovning TASSga ma’lum qilishicha, shu yilning sentyabr holatiga ko‘ra, Hamdo‘stlik mamlakatlarida terrorchi tashkilotlarga a’zo bo‘lishda va terrorchilik jinoyatlariga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 9 ming kishi, jumladan 5 ming nafar yollanma shaxs qidiruvda.
Andrey Novikovning so‘zlariga ko‘ra, markaz qidiruvdagi shaxslarning ehtimoliy yashiringan joylari haqida doimiy axborot almashib, ma’lumotlarni yig‘ib bormoqda. Ma’lumotlar bazasi terrorga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatlararo o‘tkazilayotgan “Qidiruv” amaliyoti va markazning tezkor-qidiruv tadbirlarida foydalanilmoqda. Misol uchun, 2015 yilda terrorchilik jinoyatlariga aloqador 83 nafar gumondor shaxs qo‘lga olingan bo‘lgan.
Bundan tashqari, markaz tomonidan har oyda MDH Moliyaviy razvedkalar boshqarmalari kengashining ishchi tuzilmasiga qidiruvda bo‘lgan terrorchi va yollanma shaxslar haqida ma’lumotlar jo‘natib turiladi.
Manba: uza.uz