Bugun 25 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Masjidlarda Qur’on kurslari ochiladi(mi?)

A A A
Masjidlarda Qur’on kurslari ochiladi(mi?)

Xalqimiz tomonidan katta ishtiyoq bilan kutib olingan hodisalardan biri bu O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy maktablarda Qur’oni karim va tajvid bo‘yicha o‘quv kurslar ochilishi bo‘ldi.

Hozirgi kunda 16 ta joyda yurtdoshlarimiz uchun «Qur’oni karim va tajvid» o‘quv kurslari o‘z faoliyatini yuritayotgan bo‘lib ularda O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq o‘rta maktabni bitirganligi to‘g‘risidagi shahodatnoma (11-sinf), akademik lisey yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasasi diplomiga ega bo‘lgan hamda 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari suhbat asosida qabul qilingan. Albatta bu xalqning asosiy qismi musulmon bo‘lgan yurtda juda oz ko‘rsatkich.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, masjidlarda ham Qur’on kurslari ochiladimi? Menimcha ha, masjidlarda Qur’oni Karim o‘rgatish kurslari ochiladi. Keling, voqealar rivojini boshidan kuzatamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 16 aprelida «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Farmonning 1-ilovasi 6-bandida «O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi muassasalarda fuqarolarga muqaddas Qur’oni Karimni o‘rgatuvchi maxsus kurslar tashkil qilish»ligi rejaga kiritilgan. Matndagi muassasa so‘ziga e’tibor berishingizni so‘rardim. U yerda aynan ta’lim muassasasi deb qayd etilmagan. O‘z-o‘zidan kelib chiqadiki, bu yerda faqat diniy ta’lim muassasalari emas Musulmonlar idorasi tasarrufidagi muassasalar, jumladan, masjidlar ham nazarda tutilmoqda.

Endi e’tiboringizni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Huquqshunoslik bo‘limi mudiri Ikromjon Mardonovni yaqindagina «Hidoyat» jurnaliga bergan intervyusiga qaratmoqchiman.

Mardonovning so‘zlaridan iqtibos keltiraman. “2018 yil 31 may kuni Vazirlar Mahkamasining 409-sonli qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqlandi. Unga ko‘ra… masjidlar bevosita o‘zi yoki hamkorlikda belgilangan tartibda o‘quv kurslari, Qur’oni Karimni o‘rgatish darslarini tashkil etishi mumkin”.

Demak, Mardonovning so‘zlariga tayanadigan bo‘lsak Qur’oni Karimni masjidlarda o‘qitish masalasida huquqiy jihatdan muammo yo‘q.

Bilgichlarning aytishiga ko‘ra, Musulmonlar idorasi masjidlarda Qur’oni Karim darslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda. Albatta, xalqimiz orziqib kutgan kunlari kelishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz. Xulosa qilib aytganda, fikri ojizimcha, masjidlarda Qur’oni karim kurslari ochilishi huquqiy jihatdan o‘z yakuniga yetgan. Buyog‘iga amaliy harakatlar bo‘layotgan bo‘lsa ajab emas…

Muhammadsodiq BAXTIYORZODA

Manba: azon.uz

Kiritildi: 13:25 05.07.2018. O'qildi: 7357 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik