Argentinada mamlakat terma jamoasining sobiq futbolchisi Diyego Maradonaning o‘limi yuzasidan surishtiruv ishlari boshlandi.
Nashr manbasining aytishicha, tergovchilar Maradonaning salomatligini nazorat qilgan tibbiyot xodimlarining loqaydlikka yo‘l qo‘yganligi holatiga aniqlik kiritmoqchi. Hukumat sportchi vafot etgan kuni uni ertalab uyg‘otmagan hamshiraning harakatini shubha ostiga olgan. Hamshira erta tongda Maradonaga dori berishi kerak bo‘lsa-da, uning xonasiga soat 11larda psixolog va psixiatr bilan birga kirib kelgan.
26 noyabr kuni Diyego Maradonaning advokati Matias Morla tez yordam shifokorlarini jinoiy loqaydlikda ayblagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar 30 daqiqada yetib kelgan.
Diyego Maradona 25 noyabrda 60 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan. Futbolchining vafoti tufayli Argentinada 3 kunlik motam e’lon qilingan.