Malining Mudofaa va Faxriylar ishlari vaziri Sadio Kamara shanba kuni ertalab jangarilar uyiga uyushtirgan hujumda jarohat olmadi.
Bu haqda Anadolu Agency axborot agentligi mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berdi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, vazirning Bamako chekkasidagi Kati armiya bazasi hududida joylashgan qarorgohiga bombali mashina yordamida hujum qilingan. Bino deyarli butunlay vayron bo‘lgan.
Hujum paytida mudofaa vaziri uyida bo‘lmaganligi qayd etildi.
Kati - Malining eng yirik armiya bazasi bo‘lib, u yerda prezident Assimi Goitaning qarorgohlaridan biri va vazirlarning qarorgohlari joylashgan.
Avvalgi xabarlarda 25 aprel kuni ertalab jangarilar mamlakatning turli hududlarida bir necha o‘nlab armiya pozisiyalariga hujum qilgani aytilgan edi. Mali Qurolli Kuchlari Bosh shtabining ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar qaytarilgan va vaziyat nazorat ostida.