Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Shimoliy Koreya yadroviy dasturini kengaytirishda davom etayotganini ma’lum qildi. Agentlik tahliliga ko‘ra, mamlakatda yangi uran boyitish inshootlari qurilmoqda.
MAGATE sputnik tasvirlari, ochiq ma’lumotlar, shuningdek, Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan foto va videolar tahlili asosida mamlakat yadroviy infratuzilmasini faol ravishda kengaytirayotganini qayd etdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning Yonbyondagi asosiy yadroviy majmuasida ikki qavatli yangi uran boyitish binosi barpo etilgan. U 28 tagacha sentrifuga kaskadini joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, 2024 yildan buyon qurilayotgan Kansondagi uran boyitish inshootini kengaytirish ishlari ham boshlangan.
MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Shimoliy Koreya yadroviy infratuzilmasining kengayishini jiddiy tashvish uyg‘otuvchi holat deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, bu faoliyat BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyusiyalariga zid.
Shimoliy Koreya MAGATEning mamlakat yadroviy dasturi ustidan nazorat qilish vakolatini tan olmaydi. Agentlik 2009 yildan beri Shimoliy Koreya yadroviy inshootlarida inspeksiya o‘tkazish imkoniyatiga ega emas.
Shimoliy Koreya rasmiylari mamlakatning yadroviy davlat sifatidagi maqomi o‘zgarmasligini bildirib keladi. Pxenyan, shuningdek, MAGATEning Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqqan mamlakat ichki ishlariga aralashish uchun qonuniy vakolati yo‘qligini ta’kidlaydi.