Maduroni qo‘lga olish operasiyasida AQShning 150 dan ortiq jangovar va razvedkachi samolyotlari, jumladan, F-35 qiruvchilari va B-1 rusumli strategik bombardimonchilari qatnashgan — BBC.
AQSh shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i general Den Keyn prezident Donald Tramp bilan qo‘shma matbuot anjumanida Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operasiyasi qanday o‘tgani haqida gapirib berdi. Operasiya 2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi o‘tkazilgan.
Keynning so‘zlariga ko‘ra, ushbu amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish taxminan bir oy muqaddam boshlangan. Undan oldin esa razvedkachilar uzoq vaqt davomida ish olib borishgan: razvedka Maduro qayerda va qanday yashashi, uning odatlari haqida ma’lumot to‘plagan. The New York Times manbalariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh va dronlar orqali olingan ma’lumotlar Venesueladagi, jumladan, Maduroning atrofidagi manbalar yig‘gan ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan.
3 yanvarga o‘tar kechasi prezident Trampning shaxsiy buyrug‘i bilan bir vaqtning o‘zida 20 ta bazadan va aviatashuvchilardan 150 dan ortiq jangovar va razvedkachi samolyotlar, jumladan, F-35 qiruvchilari va B-1 rusumli strategik bombardimonchilar havoga ko‘tarilgan.
Ko‘p o‘tmay amaliyotga 160-maxsus operasiyalar aviasiya polkining CH-47 Chinook va CH-53 Sea Stallion vertolyotlari amaliyotga qo‘shilgan. Bu guruh tarkibida armiyaning Delta Force nomli maxsus topshiriqli kuchlari hamda adliya vazirligining kuchishlatar bo‘linmasi jangchilari Karakas tomon uchgan. Bu amaliyot rasman “og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olish amaliyoti” deb baholangan.
Vertolyotlar dengiz ustida 30 metr atrofidagi balandlikda uchishgan. Ular Karakasga yaqinlashganida, aviasiya kuchlari qo‘lga olish guruhi xavfsiz parvoz qilishini ta’minlash uchun La-Guayra portidagi, shuningdek, Venesuela poytaxtini sohildan to‘sib turuvchi La-Karlota va Igerota aeroportlaridagi havo hujumidan mudofaa ob’ektlariga zarbalar yo‘llagan.
Shundan keyin qo‘lga olish guruhi Venesuela prezidenti qarorgohiga bostirib kirgan. Hudud osmonini AQSh aviasiyasi nazorat qilgan, razvedkachi samolyotlar yerdagi vaziyatni kuzatib turishgan. Delta Force maxsus topshiriqli kuchlari Maduro va Floresni ularning yotoqxonasida qo‘lga olishgan, bu vaqtda ular uyquda edi.
Guruh ortga qaytayotganida Maduroning qo‘riqchilari bilan otishma kelib chiqqan. Samolyot va dronlar havodan zarbalar yo‘llagan. Bir necha daqiqadan keyin qo‘lga olish guruhi Maduro va rafiqasini vertolyotga olib chiqqan va voqea joyidan uchib ketgan. Amerikalik harbiylar orasida yo‘qotishlar yo‘q, faqat bir necha kishi jarohat olgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp, davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Hegset, prezidentning ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller va ma’muriyatning boshqa a’zolari, shuningdek, shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyn Trampning Floridadagi qarorgohida jihozlangan maxsus xonada Karakasda bo‘layotgan voqealarni jonli efirda kuzatib turishgan.